7 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yilning yanvar-fevral oylarida 687 million dollar xorijiy investitsiya, shu jumladan, 615 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya o‘zlashtirilgan. Yil boshidan 506 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 337 million dollar bo‘lgan quvvatlar ishga tushirilib, 7 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
O‘tgan ikki oyda tovar va xizmatlar eksporti hajmi 1,7 milliard dollardan ortib, 2021-yilning shu davriga nisbatan 20 foiz oshgan. Xususan, mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari eksporti qariyb 2 baravar, elektrotexnika mahsulotlari eksporti 1,5 baravar, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 1,3 baravar o‘sgan.
Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlariga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, tovarlarni eksportga yetkazishda logistika masalalarini tezkor hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari ichki iste’mol bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash masalalalariga alohida to‘xtaldi.
Joriy yilning ikki oyida inflyatsiya darajasi 1,38 foizni tashkil etgani, bu 2021-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (1,7 foiz) pastligi qayd etildi.
Ayni paytda global bozorlardagi narxlarning keskin tebranishini hisobga olib, mutasaddi idoralar va hududlar rahbarlariga ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, eng avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.
Prezident tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun aholiga qo‘shimcha 80 ming gektar yer maydonlari ajratish borasidagi ishlarga tanqidiy baho berdi.
Shuningdek, meva-sabzavotchilik uchun ajratilgan 2 trillion so‘m davlat mablag‘larining natijadorligini oshirish, ularni o‘zlashtirishni tezlashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Hududlar rahbarlariga oziq-ovqat bozoriga mahsulotlarni uzluksiz yetkazish, buning uchun zarur zaxiralarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Oldingisi
Olimpiya shaharchasi loyihasi ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari taqdimoti bilan tanishdi.
07.03.2022Keyingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Eron delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Eron Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
10.03.2022