Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni ftiziatriya va pulmonologiya sohasini rivojlantirish, OITS kasalligining oldini olish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 13-fevraldagi qarori bilan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilingan edi. Bu sezilarli natija berib, kasallanganlar umumiy soni 2 mingtaga kamaydi. Yangi kasallanish holati 10 foizga, o‘lim holati 17 foizga qisqardi.
Lekin so‘nggi yillarda koronavirus epidemiyasi sababli yurtimizda o‘pka kasalliklari bo‘yicha dispanser nazoratidagi bemorlar soni 18 foizga oshgan.
Hududlarda tuberkulyoz bo‘yicha 5 xil yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga talab bo‘lsa-da, bu xizmatlar faqat Toshkent va Nukus shaharlarida to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.
Odam immuniteti tanqisligi virusi bilan kasallanish holatlari ham, afsuski, ko‘paymoqda. Bu, ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlarida dolzarb.
Shu bois yig‘ilishda mazkur ikki sohadagi navbatdagi chora-tadbirlar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.
Prezidentimiz kelgusi yildan boshlab “O‘pka salomatligi” mobil brigadalarini tashkil etib, chekka hududlarda bolalarni skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Tuberkulyoz infeksiyasining molekular-genetik diagnostikasini, yashirin infeksiyasi bor bemorlarni aniqlash va profilaktik davolash qamrovini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimlariga hududlardagi Ftiziatriya sihatgohlarini ta’mirlash va jihozlash, bakteriologiya laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlarni dori vositalari bilan bepul ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga davlat budjetidan 40 milliard so‘m ajratiladi.
OIV infeksiyasi bo‘yicha ham tekshiruvni kengaytirib, 3 million aholini bilan qamrab olish choralari belgilandi. Bunday bemorlar ham 22 turdagi virusga qarshi dorilar bilan bepul ta’minladi.
Hududiy OITS markazi va tumanlararo laboratoriyalarni ta’mirlash, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashga mas’ullar biriktirildi.
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini xodimlarini OIV infeksiyasi bo‘yicha malakasini oshirish, aholi o‘rtasida kasallik va uning oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Umuman, bularning barchasini inobatga olib, ftiziatriya, pulmonologiya va OITS yo‘nalishlarida dasturiy qarorlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti Vengriya biznesi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni Vengriyaning eng yirik “OTP” banki boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi.
13.12.2022Keyingisi
Toshkent shahrida jamoat transportiga qo‘shimcha avtobuslar qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida bo‘ldi.
14.12.2022