Davlatimiz rahbari 2018 yil mart oyida mazkur hududda bo‘lib, bu yerni namunaviy poligonga aylantirish, yangi konsepsiya ishlab chiqib, mamlakatimizdagi barcha harbiy poligonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shular asosida ushbu maxsus o‘quv-sinov maydoni zamon talablariga moslashtirildi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg‘or sharoitlar yaratildi.
Buning natijasini baza infratuzilmasi yangilanganidan so‘ng, bu yerda 2019 va 2020 yillarda o‘tkazilgan Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi birinchilikni qo‘ldan boy bermay kelayotganida ham ko‘rish mumkin.
Poligon hududida qurilgan ob’ektlar haqida dastlab joy maketi orqali ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari harbiylar yotoqxonasi, suzish havzasi, sport zalidagi sharoitlar bilan tanishdi. Markaziy va Sharqiy harbiy okruglarning regbi bo‘yicha terma jamoalari musobaqasini kuzatdi.
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni harbiy xizmatchilar bilan bir dasturxon atrofida samimiy suhbatlashdi. Iste’dodli askarlar baxshichilik san’atidan namunalar ijro etdi.
Davlatimiz rahbari «Forish» tog‘ poligonida qo‘shinlar ixtiyoridagi zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirdi.
Undan so‘ng Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarining shartli dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha jangovar mashg‘ulotlari, harbiy muhandislik amaliyotlari namoyish qilindi.
Shu yerda shaxsiy tarkib bilan muloqot bo‘ldi. Prezidentimiz dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini ta’kidladi.
– Bu poligon xalqaro standartlarga mos bo‘lishi kerak. Askar va zobitlarni tayyorlash shunga muvofiq bo‘lishi zarur. Buning uchun sifat, jangovar mahoratga alohida e’tibor qaratish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari harbiylarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
– Keyingi yillarda bayram arafasida uchrashish an’anaga aylandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – bugungi Qurolli Kuchlarimiz besh yil oldingi armiya emas. Mudofaa doktrinamiz bo‘yicha qilingan ishlar natijasida milliy armiyamizning salohiyati har tomonlama oshdi. Erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan birga oldimizda ko‘p rejalar, vazifalar turibdi. Qo‘shinlarning jangovar holatini yanada mustahkamlashimiz kerak. Buning uchun bilim, tajriba, tayyorgarlik zarur.
Prezident qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.
Oldingisi
Prezident Vatan himoyachilari kuni arafasida harbiy qismni borib ko‘rdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Jizzax viloyatiga keldi.
11.01.2021Keyingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qirg‘iz Respublikasining saylangan Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Bugun, 11 yanvar kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasining saylangan Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
11.01.2021