O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-aprel kuni hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qurilish materiallari, uy jihozlari, maishiy xo‘jalik mollari, kiyim-kechak va oziq-ovqat aholi eng ko‘p xarid qiladigan tovarlardan. Ularni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish oson va arzon. Qolaversa, bu yo‘nalish qishloqlarga sanoat kirib borishi, odamlar ish bilan ta’minlanishida ham muhim omil.
Masalan, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshgan. Lekin, mahsulotlar hajmi va turlari hali ichki ehtiyojni to‘liq qoplayotgani yo‘q. Umuman, o‘tgan yili qariyb 1 milliard dollarlik qurilish materiallari import qilingan.
Yurtimizda ko‘plab uy-joylar, zavod va korxonalar, ijtimoiy ob’ektlar qurilmoqda. Bular ham qurilish materiallari, turdosh mahalliy sanoat mahsulotlariga talabni oshiradi.
Shu bois yig‘ilishda mahalliy sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
– Ko‘rib turibsizlar, butun dunyoda iqtisodiyot bo‘yicha vaziyat og‘ir. Hech kimga oson bo‘layotgani yo‘q. Shuning uchun bor imkoniyatdan foydalanib, peshona terimiz bilan topgan pulimizni xalqimizga halol yetkazib, natijaga erishishimiz kerak. Mahalliy sanoatni rivojlantirish hokimlarning qo‘lidagi masala. Aql bilan, puxta ish tutsa, buning zamirida juda ko‘p ishchi joyi, tadbirkorlarning manfaatdorligi, odamlarning roziligi bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi ishlarni “ichki talabni o‘rganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalar ishlab chiqish” zanjiri asosida tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy sanoatning har bir yo‘nalishi, xususan, qurilish materiallari, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal, zargarlik, chinni buyumlari, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlar bo‘yicha hududlar kesimida alohida dasturlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 24 ta tumanni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu hududlardagi mavjud xomashyo va yirik zavodlar infratuzilmasidan foydalanib, ularga yaqin joyda yangi korxonalar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mazkur 24 ta tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan qo‘shimcha 400 milliard so‘m, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Qurilish materiallari tarmog‘ida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik mingdan ziyod yangi loyihalar shakllantirilgan. Bu oraqali 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ushbu sohadagi loyihalar uchun 300 million dollarlik kredit liniyasi ochish, bank filiallaridagi konsalting markazlari orqali tadbirkorlarga amaliy yordam berish taklifi bildirilgan. Prezidentimiz bunga qo‘shimcha, mazkur bank orqali davlat tomonidan 200 million dollar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yangi turdagi qurilish va pardozlash mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga 15 milliard so‘mgacha kafillik berilishi ta’kidlandi. Shuningdek, bunday korxonalarga milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 50 foizi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, qishloq joylaridagi sanoat zonalari hamda konlar va karerlar uchun yer solig‘i 10 baravargacha kamaytiriladi. 500 ta noruda qazilmalar koni auksion orqali sotilib, ularning negizida sanoat korxonalari tashkil etiladi.
Shunday imkoniyatlardan foydalanib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi loyihalar evaziga mahsulot turlarini ko‘paytirib, import o‘rnini to‘ldirish mumkinligi qayd etildi.
Bu borada eng samarali yo‘l – tuman yo shaharga kirib kelayotgan import tarkibini tahlil qilib, shu mahsulotlarni hududning o‘zida ishlab chiqarishdir.
Masalan, so‘nggi ikki yilda 6 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar qurilgan bo‘lib, ularga ishlatilgan materiallar 30 foizgacha chetdan keltirilgan. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 100 mingga yaqin xonadonning har biriga kamida 20-30 million so‘mlik elektr texnikasi, mebel, oshxona buyumlari va boshqa xo‘jalik mollari kerak.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bozor talabini tahlil qilish asosida, iqtisodiy samaradorligi bor bo‘lgan tovarlarni mahalliylashtirish, bunday loyihalarni hududlardagi sanoat zonalariga oqilona joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qurilish materiallari tarmog‘ida bo‘lganidek, boshqa sanoat mahsulotlari bo‘yicha ham ixtisoslashgan tumanlarni belgilab olish, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Mahalliy sanoatni rivojlantirishda sanoat kooperatsiyasi ham juda muhim. Xususan, o‘tgan haftada Navoiy shahrida o‘tkazilgan sanoat yarmarkasida jami 376 milliard so‘mlik mingga yaqin shartnomalar tuzilgan.
Bunday tadbirlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Mahalliy sanoat mahsulotlarining sifati ham bozor talablariga mos kelishi shart. Bu uning xaridorgirligini, korxonaning barqarorligini ta’minlaydi.
Shu bois “O‘zstandart” agentligiga 24 ta ixtisoslashgan tumanda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etib, ishlab chiqaruvchilarni xalqaro sifat talablari va standartlarga o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi. Shuningdek, majburiy sertifikatlash lozim bo‘lgan qurilish mahsulotlari ro‘yxati 3 baravarga qisqartiriladi.
Yig‘ilishda sanoat tarmoqlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Chunki joylarda zamonaviy muhandis va texnologlar yetishmasligi tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Shu bois Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriligiga hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda muhandis va texnologlar tayyorlashni kengaytirish yuzasidan topshiriq berildi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari axborot berdi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktorini qabul qildi
30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda bo‘lib turgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
30.04.2021