– Biz ikki tomonlama munosabatlarning barcha dolzarb masalalarini muhokama qildik. Ustuvor e’tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldik. Shu maqsadda ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalar faollashishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma sohalarida umumiy qiymati 900 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ularning barchasi hozirgina qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi bu loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston sherikligida, shubhasiz, muhim o‘rin tutadigan hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Biz chegaraoldi viloyatlar hokimlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish, aniq loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldik.
Ishonchli va samarali transport yo‘laklari mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu borada so‘z yuritganda, avvalo, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li hamda “Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkeshtom-Qashg‘ar” multimodal yo‘lagini qayd etish lozim. Biz ushbu yo‘nalishlarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish to‘g‘risida ahdlashib oldik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarlari savdo va bojxona ishi, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, suvdan foydalanish, energetika, ekologiya sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, mudofaa idoralari o‘rtasidagi, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish zarurligini qayd etdilar.
Prezident Sadir Japarov muzokaralarda keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha fikr almashilgani, uning natijalaridan mamnun ekanini qayd etdi.
– O‘zbekiston Qirg‘izistonning asosiy savdo sheriklaridan biridir. O‘zaro hamkorlikning barcha jihatlarini faollashtirish maqsadida parlamentlararo va hukumatlararo komissiyalar majlislari, chegaraoldi viloyatlar hokimlarining uchrashuvlari yaqin vaqtlarda o‘tkazish rejalashtirildi. Biznes vakillariga qulay muhit yaratish, tovar ayirboshlash hajmini oshirishga kelishib oldik, – dedi Qirg‘iziston Prezidenti.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maslalariga alohida e’tibor qaratildi. bugungi kunda O‘zbekistonda qirg‘iz millatiga mansub 300 mingga yaqin fuqarolar yashaydi. Ularga o‘z tili, madaniyati va an’analarini asrash va rivojlantirish uchun barcha imkoniyat yaratilgan.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida madaniyat va kino kunlari, yoshlar forumlari, festival va ko‘rgazmalar tashkil etishga kelishib olingani aytildi. Qirg‘iziston yoshlariga O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish uchun har yili ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha grantlar ajratish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.
Oldingisi
Tashrif doirasida 22 ta hujjat imzolandi
Muzokaralar yakunlangach, imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
11.03.2021Keyingisi
Qirg‘iziston Prezidenti sharafiga qabul marosimi tashkil etildi
Tadbirlar yakuniga yetgach, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tashrifi sharafiga rasmiy qabul marosimi tashkil etildi.
11.03.2021