Navoiy viloyati hamda gidroenergetika tarmog‘idagi investitsiya loyihalari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni Navoiy viloyatida hamda gidroenergetika tarmog‘ida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Navoiy viloyati – sanoatlashgan hudud. Kimyo, qurilish materiallari va to‘qimachilik tarmoqlari viloyat iqtisodiyotining “drayver”lari hisoblanadi. Bu yerda yiliga 65 trillion so‘mlikdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Joriy yilda Navoiy viloyatida 576 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Ularning umumiy qiymati 18 trillion 600 milliard so‘m. Sohalar kesimida aytganda, loyihalarning 200 tasi sanoat, 179 tasi xizmat ko‘rsatish, 197 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 18 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 16 mingta ish o‘rin yaratiladi. 123 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlanib, 125 million dollarlik eksport ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, qurilish materiallari tarmog‘ida akril tosh, bazalt panellar, yog‘och tolali plitalar, pol va devor uchun qoplamalar, shisha mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, Zarafshon shahrida oyna korxonasini shu yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda 350 kishi mehnat qiladi.  

Kimyo sanoatida 20 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, joriy yilda 9 tasi foydalanishga topshiriladi. Natijada talab yuqori yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, 430 dan ziyod kishining bandligi ta’minlanadi.

To‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalar ham istiqbolli. Xususan, joriy yilda barcha shahar va tumanlarda 28 ta korxona tashkil etilib, 5 ming 800 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni sifatli, ilmiy yondashgan holda amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etib, qo‘shimcha qiymat yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, eksportga yo‘naltirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 2-maydagi qarori bilan 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ma’qullangan edi. Bu dasturga jami 3 milliard 400 million dollarlik 65 loyiha kiritilgan bo‘lib, shundan 34 tasi yangi quvvatlar tashkil etish, 31 tasi mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan. Bugungi kunda 1 ming 100 megavattlik 12 ta loyiha ishga tushirilgan. 950 megavattlik yana 20 ta loyiha yakuniy bosqichda amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda umumiy qiymati 1 milliard 420 million dollar bo‘lgan 16 ta loyiha rejalashtirilgan. Xususan, 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 587 megavatt elektr quvvati yaratiladi. Qolgan 5 ta loyihaga ko‘ra, mavjud stansiyalar modernizatsiya qilinib, ishlab chiqarish imkoniyati kengaytiriladi.

 Taqdimotda sohani transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Prezident loyihalarni yana bir bor qayta ko‘rib chiqib, sifat jihatidan takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Manba