Oliy taʼlim tizimida dolzarb masalalar muhokama qilindi

Oliy taʼlim tizimida dolzarb masalalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni joriy yilda oliy taʼlim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021 oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar natijasida yoshlar va ularning ota-onalarida oʻqishga ishonch ortdi. Hujjat topshirish toʻliq masofaviy shaklda amalga oshirilgani aholiga katta qulaylik yaratmoqda.

Joriy yilda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364, magistraturaga 10 425 oʻrin ajratilgan.

Bu yil 91 ta OTMga bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha 1 million 484 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan boʻlib, bu oʻtgan yilgiga nisbatan 39 foiz koʻp. Bitta oʻringa 10,6 ta talabgor toʻgʻri kelmoqda.

Magistratura yoʻnalishida 72 ta taʼlim dargohiga 78 ming 720 nafar yoki oʻtgan yilgiga nisbatan 3 barobar koʻp hujjat topshirilgan. Umuman, qabul kvotalari 2016-yilgiga nisbatan 3 marotaba ortgan.

Bugungi kunda oʻqishga qabul qilish testlari qachon, qayerda va qanday tartibda oʻtkazilishi hamda 2020/2021 oʻquv yilida taʼlim jarayoni qanday tashkil etilishi barchani oʻylantirmoqda. Bunga sabab, tabiiyki, turmush tarzimizni oʻzgartirib yuborgan koronavirus pandemiyasi.

Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun taqdimot chogʻida ushbu omilni hisobga olgan holda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, test imtihonlarini abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash imkonini beradigan joyda oʻtkazish kerakligi qayd etildi.

Yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligini, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga choʻzilib ketishini inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etishga topshiriq berildi. Bunda imtihonlar kuniga 2-marta (havo salqin paytda) oʻtkazilsa, barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga stadionlarni test sinovlariga puxta tayyorlash, ularning dislokatsiyasi boʻyicha abituriyentlarni toʻliq xabardor qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari imtihonlarning sanasini Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining epidemiologik vaziyat borasidagi xulosasidan kelib chiqqan holda belgilash, aholi salomatligiga xavfsizligini taʼminlash lozimligini taʼkidladi.

Test sinovlarini shaffof holda oʻtkazish uchun, yoshlarni ortiqcha sarson qilmaslik maqsadida Taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi, hokimliklar, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan zarur choralar koʻriladi.

Taʼlim jarayonini sifatli oʻquv resurslari bilan boyitish uchun salohiyatli professor-oʻqituvchilarni jalb etish muhimligi qayd etildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 25-avgustgacha barcha 7 ming 200 dan ziyod fan boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlarning raqamli uslubiy taʼminotini va masofaviy taʼlimga moslashtirilgan oʻquv dasturlarini yaratishi belgilandi.

Kamida 35 ta davlat OTMlarida birinchi kurs talabalari uchun oʻqish kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

– Taraqqiy etgan davlatlar tajribasi taʼlim dargohlarini zamon talablariga moslashtirmasdan ilmiy va texnologik yutuqlarga erishish qiyin boʻlishini koʻrsatmoqda, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Shu sababdan joriy yilda nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning kamida 5 ta oliy taʼlim muassasasi transformatsiya qilinadi. Bunda asosan tuzilma va oʻqitish texnologiyalari takomillashtiriladi, natijada ular zamonaviy taʼlim beradigan va innovatsiyalarni joriy qiladigan ilmiy dargohga aylantiriladi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari rektorlar bilan muloqotda boʻlib, ular aytgan muammolarni hal etish va takliflarini amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Manba