Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalish belgilab berildi.
Birinchisi sanoatni rivojlantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishdan iborat.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish tadbirkorlik gullab yashnashi uchun keng yo‘l ochib berish va uni har taraflama qo‘llab-quvvatlashdir.
Qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini keskin oshirish uchinchi ustuvor yo‘nalish etib belgilandi.
To‘rtinchisi – ishlab chiqarish va odamlar uchun qulay bo‘lgan zamonaviy infratuzilmani yaratish.
Orolbo‘yi aholisining yashash sharoiti va turmush darajasini yaxshilash yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirish esa beshinchi ustuvor yo‘nalish sifatida e’lon qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir yo‘nalishda nazarda tutilgan masalalarga alohida to‘xtalib, ular bo‘yicha faol ishlash zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga ixtisoslashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Jumladan, Qorao‘zak tumani qurilish materiallari, Beruniy, Xo‘jayli, Nukus tumanlari meva-sabzavotchilik, Taxtako‘pir chorvachilik, Shumanay parrandachilik, Ellikqal’a uzumchilik va turizm, Mo‘ynoq baliqchilik va chorvachilik, Kegayli chorvachilik, qizilmiyani qayta ishlash va qog‘oz sanoati, Qanliko‘l dukkakli ekinlar va sholi yetishtirishga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Qo‘ng‘irotni neft-kimyo sanoati va chorvachilikka, Chimboyni qizilmiya yetishtirish va qayta ishlashga, To‘rtko‘lni shisha, oyna va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, Amudaryoni bog‘dorchilik, to‘qimachilik va pillachilikka, Nukus shahrini esa farmatsevtika va elektrotexnikaga ixtisoslashtirib, Taxiatosh tumanini sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.