Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi.
O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshdi.
Jumladan, chet tili, axborot texnologiyalari, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etildi. Natijada 6 million so‘mdan 10 million so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetdi, 10 million so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi.
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p. Oliy ta’limda ham qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Shu bilan birga, maktab ta’limi sohasida dolzarb masalalar hali ko‘p.
Bugungi kunda boshlang‘ich sinflarda 11 ta, yuqori sinflarda 16 ta fan o‘tiladi. Lekin o‘quvchilar aniq bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lmay, maktabni bitirayapti.
O‘tgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan. Bu hol, ayniqsa, hozir talab yuqori bo‘lgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fani o‘qituvchilarida bo‘lgani tashvishli.
Oxirgi olti yarim yilda yurtimizda 320 ming xonadonli yangi uy-joylar barpo etilgan. Lekin ularga mos quvvatda maktablar qurilmagan. Yangi massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming o‘rinli maktablarga talab bor. Mavjud maktablar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham vazifalar ko‘p.
So‘nggi yillarda 70 ming o‘rinli 350 ta xususiy maktab tashkil etilgan. Ammo ko‘plab viloyatlarda bu boradagi ishlar yetarli emas.
Shu kabi tahlillarni qayd etar ekan, davlatimiz rahbari maktablarni ham mazmun, ham sharoit jihatidan yaxshilash bo‘yicha yangi tashabbuslarni bildirdi.
Avvalo, ta’lim sifatini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi hamda baholash tizimi joriy etiladi. Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama beriladi. Kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinadi.
Bu yil maktablarda dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egalari” taklif etilgan. Keyingi yillarda ular yana ko‘payadi. Shu bois hokimliklarga chet ellik o‘qituvchilarning uy-joy masalasini hal qilish topshirildi.
Yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqaradi. Bunda, 10-11-sinf o‘quvchilariga “kimyo – biologiya”, “matematika – fizika”, “matematika – chet tili”, “ona tili va adabiyot – chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Kasb-hunar egalash istagidagi o‘quvchilarga esa, maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishish imkoniyati yaratiladi. Kelgusi o‘quv yilidan kamida 1 mingta maktab shu tizimga o‘tkaziladi.
Darslarning mazmuni ham o‘zgaradi. 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etiladi.
Eng muhimi, o‘quv dasturlariga qo‘shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi. Endi barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integratsiya qilinib tayyorlanadi.
Prezident o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratib, muhim vazifalarni belgilab berdi.
Unga ko‘ra, o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi to‘liq o‘zgartiriladi. Jumladan, o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘ladi. Ilk bor kelgan nomzodlarga 1 yil o‘qituvchi-stajor bo‘lib ishlash va yil yakuni bilan kasbiy sertifikat olish talabi qo‘yiladi. Keyinchalik bu tizim barcha o‘qituvchilar uchun bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
O‘qituvchilar malakasi ham tabaqalashgan holda oshiriladi. Ya’ni, malaka oshirishdan oldin o‘qituvchining bilimi “diagnostikadan o‘tkaziladi” va natijasiga ko‘ra individual kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari belgilanadi. Past natija olganlar bo‘yicha o‘zi o‘qigan oliygohga reklamatsiya yuboriladi. Ya’ni, bu pedagogik oliygohlar faoliyatiga uchun ham baho bo‘ladi.
Shu bois hududiy malaka oshirish markazlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish, ularni ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Muallimlarga malaka toifasini berish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda pedagogning bilimi dastlabki imtihonda baholanib, 70 foizdan ko‘p ball to‘plaganlar ikkinchi bosqichga o‘tadi. Ikkinchi bosqichda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashi, o‘quvchilar bilan ishlash metodikasi va baholashdagi yondashuvlari tekshiriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ushbu tajribani o‘qituvchilarning bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tumanda sinovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarini alohida yondashuv asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, Toshkent va Chirchiqdagi Pedagogika universitetlarida mutaxassislar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi. Bu muassasalar pedagogika yo‘nalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” bo‘ladi.
Kelgusi o‘quv yilidan kadrlar yetishmaydigan, og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinadi.
Maktab ta’limida boshqaruv tizimi ham o‘zgartiriladi. Endi direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi va muddatli shartnoma asosida ishga olinadi. Direktorlar va uning o‘rinbosarlari har besh yilda bir marta sertifikatsiyadan o‘tadi.
Sohadagi yana bir dolzarb masala – o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish.
Kelgusi yilda Investitsiya dasturi doirasida maktab qurilishiga 3 trillion so‘m ajratilishi nazarda tutilgan. Buning hisobiga 150 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Kam quvvatda ishlayotgan 61 ta kollej binosida maktablar tashkil qilinadi. Xususiy sheriklik asosida 50 ta maktab quriladi.
Xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish orqali yiliga kamida 25 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Buning uchun, tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil qilish uchun kreditning 7 foiz qismi budjetdan qoplab beriladi. Yangi maktab qurish uchun yer maydonlari faqat maktab qurish uchun maqsadli auksionga chiqariladi.
Umuman, bu ishlar orqali kelgusi yilning o‘zida 250 ming yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 karra ko‘p o‘quvchi o‘rni yaratilishi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish, maktablar qurish va jihozlash, muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bitiruvchilarning bandligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu yil 387 ming nafar o‘quvchi maktabni tamomlagan. Shundan 138 mingtasi oliy ta’limga o‘qishga kirgan.
Davlatimiz rahbari qolgan bitiruvchilarni professional ta’lim bilan qamrab olish, yoshlarni kam xarajat qilib, ko‘p daromad oladigan zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi. O‘quvchilar bilan manzilli ishlash, bunda hokim, maktab direktori va ota-onalarning mas’uliyatini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, bundan uch yil oldin 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yod, vitaminlar va gijjaga qarshi dorilar tarqatish amaliyoti joriy qilingan edi. Natijada bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan qalqonsimon bez kasalliklari kamaymoqda. Shu bois o‘quvchilarga yod preparatlarini bepul tarqatishni davom ettirish, aholi orasida yod iste’molining foydali xususiyatlarini keng targ‘ib qilish zarurligi aytildi.
Yig‘ilishda Prezident barcha o‘qituvchilar, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga murojaat qildi.
– Aziz ustozlar, maktab ta’limi sohasidagi islohotlarimizni amalga oshirishda men sizlarni o‘zimning eng yaqin yordamchim, deb bilaman. Maktab ta’limini yanada yaxshilash bo‘yicha qabul qilayotgan chora-tadbirlarimizning pirovard natijasi avvalo sizlarga, sizlarning fidokorona mehnatingizga bog‘liq.
Men sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlarni ko‘raman. Bugun sizlar ta’lim-tarbiya berayotgan, qalbini, ongini ezgulik bilan to‘ldirayotgan millionlab farzandlarimiz ertaga Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lib bizning safimizga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz sizlarning bunday olijanob xizmatlaringizni hech qachon unutmaydi. O‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchi maqomini mustahkamlab qo‘ydik. Kelgusida shu asosda, albatta, ko‘p ishlarni amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va boshqa mas’ullar axborot berdi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni AQSH Senati Milliy xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Geri Pitersni qabul qildi.
25.08.2023Keyingisi
Bojxona rasmiylashtiruvi markazi ishga tushdi
Mustaqillik xalqimizga erkinlik, ro‘shnolik olib kelganidek, har yili bu ayyomda yaxshiligu yangiliklar ko‘p bo‘ladi. Bu yil ham barcha hududlarda iqtisodiy-ijtimoiy inshootlar ishga tushirilmoqda.
29.08.2023