Oʼzbekiston Prezidenti BАА delegatsiyasi bilan uchrashuvda koʼp qirrali hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24-mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Birlashgan Аrab Аmirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori darajadagi mehmon BАА Prezidenti Shayx Xalifa Ol Nahayon, Аbu-Dabi amirligi Valiahd shahzodasi, BАА Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʼmondoni oʼrinbosari Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat Bosh vaziri, Dubay Аmiri Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Vazir xorijiy biznesning mamlakatimizga boʼlgan katta qiziqishini yana bir bor tasdiqlagan Toshkent forumining muvaffaqiyatli oʼtkazilgani bilan tabrikladi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, qishloq xoʼjaligi, infratuzilma, logistika va transport sohalarida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik natijilari yuqori baholandi. Masdar kompaniyasi mamlakatimiz hududlarida fotoelektrik va shamol elektr stantsiyalarini qurish boʼyicha qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Investitsion hamkorlikni kengaytirish va ustuvor tarmoqlarda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Manba