O‘zbekiston Prezidenti IHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) videoanjuman shaklida o‘tgan 14-sammiti ishida ishtirok etdi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida o‘tgan tadbirda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, shuningdek, IHT bosh kotibi Hadi Sulaymonpur, mintaqaviy tuzilmalar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda ushbu nufuzli tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hududi – bu tarixi, dini, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan mintaqa ekanini alohida ta’kidladi.

Pandemiya sharoitlarida mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining kuchli va zaif tomonlari yaqqol ko‘ringani qayd etildi. Ushbu xatar mintaqa mamlakatlari bir-biriga o‘zaro bog‘liq ekani, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ochiq-oydin namoyon etdi.

Shu bilan birga, IHTga a’zo mamlakatlarning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti, deb ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti.

2025 yilga qadar davrga mo‘ljallab qabul qilingan harakatlar dasturi doirasida ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.

O‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish maqsadida karantin chora-tadbirlari doirasida o‘rnatilgan savdo, transportga doir cheklov va to‘siqlarni bekor qilish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Bundan tashqari, savdoni raqamlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish borasidagi yechimlarni keng joriy etish hamda savdo bo‘yicha mintaqaviy bitimni tez fursatda qabul qilish taklif etildi.

O‘zaro kelishilgan “yo‘l xaritasi” asosida mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Bu boradagi loyihalarni ilgari surish uchun moliyaviy hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish hamda mamlakatlarimizning yetakchi bank institutlari ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazish taklif etildi.

Transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik strategik muhim ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Mamlakatimiz O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy transport yo‘laklarini, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga eltuvchi marshrutlarni rivojlantirishdan manfaatdor.

Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish maqsadida yangi “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish muhim ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari qayd etgan yana bir muhim yo‘nalish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.

Shu munosabat bilan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan birgalikda tegishli dasturni ishlab chiqish hamda uni joriy yil mamlakatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan IHT davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi uchrashuvida taqdim etish taklif qilindi.

Energetika haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston Prezidenti sohaga, birinchi navbatda qayta tiklanuvchi energetikaga ilg‘or texnologik yechimlar va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida o‘rta muddatli strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Iqlim o‘zgarishining global oqibatlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi, sog‘liqni saqlash sohasida, shu jumladan zamonaviy tahdid va xatarlarni monitoring qilish va ularga qarshi tezkor chora ko‘rish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya tashkilotga samarali raislik qilgani uchun Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga minnatdorlik bildirib, raislik Turkmanistonga o‘tgani munosabati bilan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni tabrikladi va unga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan, ayniqsa, Yevroosiyo makonidagi mintaqalarning iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish borasidagi muhim tashabbuslari va aniq takliflari birlashmaga a’zo mamlakatlar yetakchilari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

IHTga a’zo mamlakatlar yetakchilari o‘z nutqlarida mintaqada o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishning istiqbollariga to‘xtaldilar. Tashkilotning navbatdagi, 15-sammitini Turkmanistonda o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Manba