6-avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo ulkan geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa. Bu yerda 74 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ularning tarixi va madaniyati, mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va infratuzilmasi bog‘lanib ketgan.
Davlatimiz rahbari bir necha bor ta’kidlaganidek, mintaqa mamlakatlari oldida umumiy sa’y-harakatlar bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdek bosh maqsad turibdi. Bu maqsadga erishish, mintaqa salohiyatini to‘la yuzaga chiqarish, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Bu hayotiy tashabbus qardosh xalqlarimizning manfaatlariga mos bo‘lgani uchun keng qo‘llab-quvvatlandi va tezda amalga oshdi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Avazada tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham g‘oyat muhim va mazmunli bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida bugun mintaqamiz yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini ta’kidladi.
- Bu yerda yangi siyosiy muhitni shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarining o‘rni beqiyos. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etib, qator takliflarni ilgari surdi.
Bugungi voqelik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish bo‘yicha qat’iy qadamlarni taqozo etayotgani ta’kidlandi. Yangi o‘sish nuqtalarini, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yangi rivojlanish “drayver”larini aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish zarurligi, to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish maqsadida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga qo‘shilgan qiymatning uzun zanjirlarini yaratish mumkin.
Buning uchun mamlakatlarimiz tadbirkorlari va hududlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiya va iqtisodiy forumlarni muntazam o‘tkazib borish lozimligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish fursati kelganini aytdi.
Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish mintaqa mamlakatlarining umumiy strategik manfaatlariga mos keladi. Keng rivojlangan va integratsiyalashgan transport tizimi Yevroosiyo qit’asining muhim tranzit “xab”iga aylanishga qodir.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mavjud transport yo‘laklari va infratuzilmasini, shu jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashga chaqirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston kelajakda “Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” transafg‘on yo‘lagi, “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” avtomobil va temir yo‘llari imkoniyatlaridan foydalanish niyatida.
Shuningdek, sanitariya talablariga rioya qilgan holda transport qatnovlarini to‘liq tiklash muhim ekani qayd etildi.
Mintaqada milliy iqtisodiyotlar va aholi soni o‘sishi ta’sirida energetik xavfsizlik masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan umumiy energetika makonini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish, bunda “yashil” energetika va energiya tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etishga alohida e’tibor qaratish lozim.
O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mamlakatlarining Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashini faollashtirish, uning mandati va vakolatlarini kengaytirish hamda mamlakatlarning kengashdagi vakillik darajasini oshirishni taklif qildi.
Pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi muammolar o‘tkir tus olganiga e’tibor qaratildi. Dunyoning ayrim mintaqalarida narxlar o‘sishi va asosiy oziq-ovqatlarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, birinchi yig‘ilish kun tartibiga oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy tizimni joriy qilish masalasini kiritish taklifini bildirdi.
Bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ularning sifatini nazorat qilish, shu jumladan, jahon bozoriga yetkazish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar va qo‘shma dasturlarni belgilab olishga xizmat qiladi.
Pandemiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish va o‘zaro yordam ko‘rsatish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasida tajriba almashishni kengaytirish, farmakologiyada ilmiy hamkorlikni hamda hayotiy muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari mintaqaning ekologik muammolari hamisha diqqat markazida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu boradagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish zarur.
Shu ma’noda O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimizning iqlim o‘zgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.
O‘zbekiston yetakchisi mintaqamiz va dunyoning boshqa yirik mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlagani va delegatsiyalari unda faol ishtirok etgani uchun davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
Umumiy sa’y-harakatlar bilan ushbu masala bo‘yicha BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi, bu jarayonda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ham faol ishtirok etishiga ishonch bildirildi.
- Mamlakatlarimiz taraqqiyotida mintaqa aholisining aksariyat qismini tashkil etayotgan yoshlar muhim o‘rin tutishini barchamiz anglab turibmiz. Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo kelajagining hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazishni taklif etdi. Bu mamlakatlarimiz hukumatlari va yoshlari o‘rtasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, interfaol muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun platforma shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Umumiy madaniy makonimizni yanada rivojlantirish xalqlarimiz qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omilidir.
O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning madaniy merosiga bag‘ishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish muhim ekanini ta’kidladi.
Xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan yana bir omil bu – turizm sohasi. Mintaqa ichida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha rag‘batlardan faol foydalanish muhimdir.
Davlatimiz rahbari turizm xizmatlarining butun doirasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarish taklifini ilgari surdi.
- Bugungi sammit muhim voqea – davlatlarimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida o‘tayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yillar barchamiz uchun qiyin davr bo‘ldi. Asosiy xulosa shuki, birgalikda, jips bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, oldimizda turgan muammolarning yechimiga erishamiz, mintaqaning barqaror taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltiramiz. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror tus berish, shu maqsadda “xalq diplomatiyasi”, parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yana keng foydalanish muhim ekani qayd etildi.
- Markaziy Osiyo ayollari muloqoti yanada rivojlanayotgani, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishishga qaratilgan aloqalar kengayib borayotganini olqishlaymiz, - deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Parlamentarizmning roli ortib borayotganini hisobga olib, Prezidentimiz Toshkent shahrida Mintaqaviy parlament forumini o‘tkazishni taklif etdi.
O‘z nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyodagi birodar xalqlarning ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Oldingisi
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
06.08.2021