O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevga O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ularni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy yaqin munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, aniq amaliy mazmun bilan boyigani alohida ta’kidlandi.
Joriy yil aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi samarali bo‘lgani, bu Elboshi tashqi siyosati bardavomligini yana bir bor namoyish etgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Suhbatda Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, sanoat, energetika, transport va boshqa tarmoqlarda yetakchi korxonalar va ishbilarmonlar darajasida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratildi.
O‘zaro savdo hajmi izchil ortib borayotgani va uning tarkibi diversifikatsiya qilinayotgani ijobiy baholandi. 2018-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshdi, yaqin vaqtda bu ko‘rsatkichni kamida 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi turibdi.
Keng iqtisodiy imkoniyatlar va madaniy-gumanitar sohadagi katta salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida, jumladan, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili tadbirlari doirasida izchil hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Mamlakatlarimiz Bosh vazirlari boshchiligidagi Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot so‘ngida Shavkat Mirziyoyev va Nursultan Nazarboyev O‘zbekiston va Qozog‘iston qardosh xalqlarining farovonligi, Markaziy Osiyoning barqarorligi va izchil taraqqiyoti yo‘lida strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga o‘zaro intilish qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidladilar.