O‘zbekiston Prezidenti Rossiya tashqi siyosiy idorasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining poytaxtimizdagi yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etayotgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbatda O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.

Mintaqadagi vaziyatga hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlariga, shu jumladan SHHT sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi barqaror yuqori sur’at bilan ortib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 32 foizga oshdi. Qo‘shma Loyiha ofisining faoliyati doirasida qariyb 40 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv yo‘nalishida samarali ishlar olib borilmoqda. Keyingi bir necha yilda O‘zbekistonda Rossiyaning 12 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mintaqaviy, shu jumladan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Afg‘onistondagi vaziyatning tinchlik yo‘li bilan hal etilishiga va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘makni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Manba