Davlatimiz rahbari 12-13 noyabr kunlari viloyatda bo‘lib, shu boradagi vazifalarni belgilab bergan edi. Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga turtki berish maqsadida markaziy idoralar, jumladan, vazirlik va tijorat banklari rahbarlari biriktirilib, zarur resurslar ajratildi. 2021 yil Qashqadaryoda “Tadbirkorlikni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi. 10 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etish maqsadi belgilandi.
bugungi yig‘ilishda har bir tuman va shaharning “o‘sish nuqtalari”ga asoslanib, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni mijozbay ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, Yakkabog‘, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz hamda Kitob tumanlarida 20 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar yaratish orqali viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlash darajasini 25 foizga yetkazish mumkin.
Shahrisabz shahri, Nishon, Dehqonobod, Yakkabog‘, Mirishkor, G‘uzor, Shahrisabz, Muborak tumanlarida tashkil etiladigan 11 ta kichik sanoat zonasida loyihalarni joylashtirish va infratuzilmaga ulash kerakligi qayd etildi.
2021 yilda tijorat banklari kreditlari asosida xizmat ko‘rsatish sohasida 650 milliard so‘mlik 500 ta yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan 1 ming 153 ta investitsiya loyihasining iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Bunda qariyb 1 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirib, 19 mingta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarga sanoat past darajada rivojlangan tumanlar uchun qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqish, mavjud zaxiralarni samarali ishga solish vazifasi qo‘yildi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish choralari muhokama qilindi. Kichik biznesni rivojlantirish, yoshlar va ayollarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan 81 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 63 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish belgilangan edi.
Qarshi, Qamashi va Koson tumanlarida 1200 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar, Dehqonobod tumani hamda viloyatning tog‘oldi hududlarida pista va dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil qilish zarurligi aytilgandi.
bugungi yig‘ilishda shu boradagi tashkiliy va moliyaviy ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, avtomobil yo‘llarini ta’mirlashga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Turar joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda muhtoj aholi uchun 5 qavatli energiya tejamkor uylar qurish muhimligi aytib o‘tildi.
Ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Maktablarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun 2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi qayd etildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 88 ta maktabda qo‘shimcha imorat quriladi, 100 tadan ko‘prog‘i esa to‘liq jihozlanadi, paxsa devorli filiallar o‘rniga yangi binolar barpo etiladi.
Yig‘ilishda Qarshi shahridagi 42-maktab, shuningdek, tuman markazlaridagi bittadan shunday muassasa negizida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida boshlangan islohotlarni samarali tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash dolzarb masala ekani ta’kidlandi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari bilan birga Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish, tadbirkorlarga ko‘maklashish, kambag‘allikni qisqartirish masalalari ijrosini nazoratga olish topshirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga har bir investitsiya loyihasining holatini joyiga chiqib, tanqidiy tahlil qilish, muammolarni samarali hal etish vazifasi qo‘yildi.
Sektor rahbarlari topshiriqlar ijrosi natijadorligi yuzasidan Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida har oyda hisobot berib borishi belgilandi.
Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar mutasaddilari loyihalarni bajarishga qaratilgan rejalari yuzasidan axborot berdi.