Amaliy hamkorlikni kengaytirish, kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish, innovatsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish masalalari hamda O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning boshqa jihatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni Turkiya Respublikasi sanoat va texnologiyalar vaziri Mustafo Varank boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘tkazgan uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning topshirig‘iga binoan mamlakatimizga kelgan delegatsiya tashrifining maqsadi - «Togg» brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi milliy elektromobilni namoyish etish va topshirish.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlikda bugungi jadal sur’atni, barcha darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bunga misol tariqasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani, ustuvor tarmoqlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar ko‘paygani ta’kidlandi.
Turkiyaning yetakchi kompaniyalarini qo‘shma, shu jumladan avtomobil sanoatidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish va uzoq muddatli sanoat dasturini qabul qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida «Togg» elektromobilining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Vazir Mustafo Varank avtotransport vositasining texnik ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib, uning kalitini tantanali ravishda topshirdi.
Mamlakatimiz yetakchisi minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidenti va xalqini mashinasozlik tarmog‘ida erishilgan ulkan muvaffaqiyat – elektromobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani bilan dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari Turkiyada birinchilardan bo‘lib ishlab chiqarilgan ushbu elektromobil ruliga o‘tirib, uni haydab ko‘rdi.
Oldingisi
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazgan telefon orqali muloqotida tovar ayirboshlash sur’atlarini ta’minlash va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
11.04.2023