O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifining birinchi kuni yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri har doimgidek ochiqlik va ishonch muhitida o‘tgan muzokaralar natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan muloqotda Pokiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Pokiston kuni bayrami bilan yana bir bor tabrikladi. Ushbu tashrif katta tarixiy voqea – mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini alohida ta’kidladi. Oliy darajadagi konstruktiv muloqot, ayniqsa, keyingi yillarda faollashgani O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi sheriklik va ishonch darajasining jadal o‘sib borishiga xizmat qilmoqda.
‑ Biz Pokiston bilan birgalikda nafaqat ikki mamlakat, balki strategik jihatdan muhim bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etayapmiz, ‑ dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatlarimizda amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston” va “Naya Pokiston” dasturlarining mushtarak ekani ham ikki mamlakatning qarash va intilishlari bir-biriga uyg‘unligini tasdiqlamoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Posledovatelno razvivayutsya torgovo-ekonomicheskiye svyazi. O‘tgan yilning o‘zida ikki tomonlama savdo hajmi 50 foizga o‘sdi. Muzokaralar chog‘ida tovar ayirboshlashni yaqin yillarda 500 million dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 1 milliarda dollarga yetkazish maqsad qilib olindi.
Tashrif doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning imzolangani muhim qadam bo‘ldi.
Farmatsevtika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, bank-moliya va boshqa asosiy yo‘nalishlarda kooperatsiyani kengaytirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi. Tashrif arafasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 800 million dollarlik 60 ta yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik qo‘shma transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga chiquvchi “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” strategik temir yo‘lini qurish ishlarini yaqin muddatlarda boshlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
‑ “Asr loyihasi” deb atalayotgan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘li nafaqat mamlakatlarimiz, balki keng mintaqalarimiz xalqlari umumiy ravnaqiga hissa qo‘shadi, deb ishonamiz, – deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Hududlararo hamkorlikda ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Bu borada Namangan viloyati va Panjob provinsiyasi muvaffaqiyatli namuna ko‘rsatmoqda. Boshqa hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga jrishildi.
Pokiston Bosh vaziri bilan muzokaralar chog‘ida mintaqa kun tartibi va Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan samarali fikr almashildi. Ushbu mamlakatda murakkablashayotgan gumanitar holat jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatni afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida xavfsizlik, harbiy-texnik sohalarida, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqa.
Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida birgalikda ishlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston va Pokiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iy ekanliklarini tasdiqladilar.
Madaniy-gumanitar soha sheriklikning eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi.
‑ Qadimiy Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros chambarchas bog‘lab turadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki mamlakat fan, san’at, kino, sport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, yoshlarga oid dasturlarni amalga oshirish tarafdori.
O‘zbekistonda yil sayin urdu tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlandi. Pokistonda ham Islomobod zamonaviy tillar universiteti, Panjob va Peshovar universitetlari kabi oliy ta’lim muassasalari negizida o‘zbek tili va adabiyoti, O‘zbekiston tarixini o‘rganishga katta e’ibor qaratilmoqda.
‑ Tashrif davomida salmoqli hujjatlar to‘plamini, jumladan, Strategik sheriklikning navbatdagi qadamlari to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladik. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha bo‘lajak sa’y-harakatlarimiz belgilab olingan. Ma’naviy ildizlardan kuch va ilhom olayotgan aloqalarimiz kelgusida ham xalqlarimizning orzu-intilishlariga va biz tuzayotgan katta-katta rejalarga mos ravishda yangi marralarga ko‘tariladi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Oldingisi
Muloqot natijalari hujjatlarda mustahkamlandi
Islomoboddagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
04.03.2022Keyingisi
Shavkat Mirziyoyev pokistonlik ishbilarmonlar bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Islomobod shahrida Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
04.03.2022