O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 16-18 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyada bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqiladi.

Eng avvalo, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik bo‘yicha dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, Prezidentimiz Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi rahbariyati, ushbu mamlakatning eng yirik kompaniya va bank-moliya institutlari vakillari bilan uchrashadi.

Tashrif yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Manba