O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida MDH sammiti bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Sammit kun tartibidan MDH doirasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida, shuningdek, yangi xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish sohasida ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini baholash masalalari o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Hamdo‘stlikning uzoq muddatli vazifalari borasida O‘zbekiston Respublikasi nuqtai nazarini taqdim etishi va amaliy sheriklikni kengaytirishga doir aniq takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.

Majlisda delegatsiyalar rahbarlari MDHni 2030-yilgacha bo‘lgan muddatda yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini va uni amalga oshirish rejasini ko‘rib chiqadilar. Ushbu hujjatlarda hamkorlikning yaqin va o‘rta muddatli istiqboldagi strategik maqsadlari va asosiy tadbirlari belgilangan.

Uchrashuv yakunida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asos solinganining 75 yilligi munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotlar, shuningdek, Hamdo‘stlik faoliyatining turli jihatlariga doir, shu jumladan, 2021-yilda Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazish joyi to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joiz, joriy yilda O‘zbekiston MDHga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani ilk bor o‘z zimmasiga olgan edi.

Pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitlarga qaramay, mamlakatimizning Hamdo‘stlikka raisligi konsepsiyasi to‘liq hajmda amalga oshirildi.

Hukumat rahbarlari kengashi, Iqtisodiy kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, MDHning boshqa ustav va tarmoq organlarining majlislari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Qator muhim hujjatlar, jumladan, 2030-yilgacha muddatga mo‘ljallangan Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi, Transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, turizm, sport va yoshlarga oid siyosat sohalarida hamkorlik strategiyalari va boshqalar qabul qilindi.

Umuman, 60 ga yaqin ko‘p tomonlama tadbir o‘tkazildi, Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladigan 70 dan ziyod hujjat qabul qilindi.

Manba