Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Hurmatli deputat va senatorlar!
Muhtaram mehmonlar!
Jonajon O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Behisob shukur, bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qo‘shilmoqda.
O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz izlanyapmiz.
Yakuniga yetayotgan 2022-yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi, desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi.
Shu bois, pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishgan ayrim yutuqlarimizni aytib o‘tishni o‘rinli, deb bilaman.
Keng ko‘lamli va samarali islohotlarimiz natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa, 19 milliard dollarga yetdi.
Bunday katta natijalar ilgari bo‘lmagan.
Biz bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqdik. Misol uchun, 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar esa, 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi.
Biz ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosatini izchil davom ettiramiz.
Bu raqamlarni aytish oson. Ularning har biri ortida mashaqqatli mehnat turibdi. Chunki inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala.
Shu maqsadda oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurdik.
Bu davrda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.
Xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlarni eng chekka tuman va mahallalar darajasigacha tushiryapmiz.
Odamlarimizni kasb-hunarli qilish, ularning biznesiga keng yo‘l ochish, haqiqiy mulkdor bo‘lib, daromad topishi uchun zarur sharoitlarni yaratmoqdamiz.
Bu yil 381 nafar sportchimiz jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani barchamizni albatta quvontiradi.
Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, haj va umra ziyoratlarida shukronalik duolarini qilayotgani bizga kuch va g‘ayrat bag‘ishlamoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng e’tirof etayotgani ham ayni haqiqatdir.
Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildik va muhim tashabbuslarni ilgari surdik. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Mana shunday katta yutuqlarga erishishda fidokorona mehnati bilan munosib hissa qo‘shgan har bir yurtdoshimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Jahonning ilm-fan, madaniyat va sport shohsupalarida bayrog‘imizni baland ko‘tarayotgan o‘g‘il-qizlarimiz, shijoatli yoshlarimizga yangi-yangi zafarlar tilayman. Ular bizning faxrimiz-g‘ururimizdir.
Chegaralarimiz daxlsizligi va tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek himoya qilib kelayotgan Vatanimiz posbonlariga ham ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Qadrli faxriylarimiz, muhtarama opa-singillarimiz, tadbirkor va fermerlarimizga hurmat-ehtiromimni izhor etaman.
Islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan xorijiy hamkorlarimizga, bugungi anjumanda qatnashayotgan diplomatik korpus vakillariga ham tashakkurlarimni aytaman.
Albatta, erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalardir. Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz.
Hurmatli yurtdoshlar, qadrli mehmonlar!
Hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz – bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yer yuzida iqlimning keskin o‘zgarishi, suv va boshqa tabiiy resurslar kamayishi bilan bog‘liq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda.
Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda.
Afsuski, bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab o‘tmayapti.
Qoraqalpog‘istonda shu yil yoz oyida sodir bo‘lgan noxush voqealar butun el-yurtimizni qattiq qayg‘uga soldi. Xudoga shukur, ko‘p millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi.
Biz uchun “Qoraqalpog‘istonning yutug‘i – butun O‘zbekistonning yutug‘i, Qoraqalpog‘istonning tashvishi – butun O‘zbekistonning tashvishi” degan g‘oya hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir.
Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir.
Biz jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga har tomonlama qodirmiz. Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yo‘limizni jadal davom ettiramiz!
Aziz do‘stlar!
Bir hayotiy haqiqatni ta’kidlamoqchiman – bugun zamon har qachongidan ham tezlashdi. Farovonlik oshgani sayin aholimizning talab va ehtiyojlari ham ortib bormoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi.
Shu bois, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur.
Shularni e’tiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu islohotdan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutmoqda. Bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham buning yaqqol dalilidir.
Muhokamalar qizg‘in davom etmoqda. Bu jarayonda deputatlarimiz, siyosiy partiyalarimiz mas’ul va faol bo‘lib, har bir taklifga jiddiy yondashayotganini ko‘rib turibmiz. Buning uchun ularga rahmat aytaman.
“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida barcha masalalar bo‘yicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutamiz.
Umuman, ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak.
Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.
Eng muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor bo‘lishi va “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta olishi kerak.
Muhtaram yurtdoshlar!
Kelgusi yilga rejalarni to‘g‘ri olish uchun xalqimizning fikrini har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlil etib, 20 mingga yaqin takliflarni muhokama qildik.
Odamlarimiz ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot yo‘nalishlarida aniq-aniq masalalarni ko‘tarib, ular bo‘yicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda.
Aholimiz bizdan maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirishni, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini hal qilishni, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni, adolatni ta’minlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani yo‘q qilishni kutmoqda.
Ko‘tarilgan masalalar aniq va o‘rinlidir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz bu muammolarni yechishimiz shart. Hech kim chetdan kelib, bularni hal qilib bermaydi. Odamlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha sharoitlarni tug‘dirib berish asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak.
Xalqimizga qancha imkoniyat yaratsak, buning foydasi jamiyatimizga o‘n karra, yuz karra bo‘lib qaytadi.
Shu bois, kirib kelayotgan yangi, 2023-yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif qilaman.
Nima uchun yilga bunday nom beryapmiz?
Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom bo‘lishi barchamizga ayon.
Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?
Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz.
Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.
Shuning uchun ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz, ta’lim dargohlariga borib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ular qo‘ygan masalalarni birgalikda hal etishimiz kerak.
Biz kelgusi yil Davlat dasturiga xalqimiz ko‘targan barcha masalalarni aniq yechimlari bilan kiritamiz. Ushbu jarayonlarda deputat va senatorlar, mahalla vakillari, ziyolilar, yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchiligimizdan faol bo‘lishlarini, yangi-yangi taklif va tashabbuslar bildirishlarini so‘rayman.
Hurmatli deputat va senatorlar!
Endi 2023-yildagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchi yo‘nalish. Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qilaman.
Nima uchun so‘zni aynan shu yo‘nalishdagi islohotdan boshlayapman?
Oldinlari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilishga majbur edik, aks holda hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmas edi.
Maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, “mahallabay” ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishdik. Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholimizning faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda. Iqtisodiyotimizda kundan-kunga yangi-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilmoqda.
Bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti keldi.
Ochiq aytish kerak – hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.
Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, “ovozi yo‘q”. Ya’ni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy etishdagi ishtiroki va mas’uliyati yetarli emas. Endi vazirlarning bunday eskicha usulda ishlashga haqqi yo‘q.
Agar vazirning o‘z sohasi bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan aniq yondashuvlari bo‘lmasa, uning faoliyati tufayli odamlarning og‘iri yengil bo‘lmasa, o‘zingiz ayting, bunday rahbardan nima naf bor?
Shuning uchun yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim. Bunga uzoq tayyorgarlik ko‘rdik.
Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytiriladi.
Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.
Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi. O‘ylaymanki, bunday yondashuv adolatli bo‘ladi.
Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.
Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi mas’uliyati oshiriladi. Bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytiriladi. Ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ beriladi.
Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi.
Biz korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz, lekin vazirlik tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi so‘rov boshqacha bo‘ladi. Vazir o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib o‘zi javob beradi.
Imom Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamdard bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hayotiy hikmati har bir vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozim.
Davlat vakillari o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.
Endi vazirlarning siyosiy mas’uliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi.
Har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun har oyda joyiga chiqqan holda, “Hukumat kuni” o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Vazir har yilning boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi bo‘yicha hisobot beradi.
Ta’kidlab aytmoqchiman – endi qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi.
Shu o‘rinda yana bir fikrni Parlament vakillariga yetkazmoqchiman.
So‘nggi yillarda ko‘p vakolatlarni Oliy Majlisga o‘tkazdik, ularni yanada kengaytirishni o‘ylayapmiz. Yangi vazirni tayinlashda ham deputatlar ishtirok etmoqda, rejalari bilan tanishib, ma’qullayapti. Lekin, afsuski, keyinchalik faqat tanqid bilan cheklanmoqda.
Ma’lumki, sohalar bo‘yicha ikkala palatada ham qo‘mitalar, komissiyalar bor. Aslida, ular vazirlarga qaysi yo‘nalishda yoki hududda ish yaxshi ketmayotganini ko‘rsatishi, kamchiliklar bo‘yicha joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rganib, masalaga birgalikda yechim topishlari lozim.
Shu bois, vazir faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qo‘mita, komissiya va deputatlarning ham mas’uliyatini belgilash to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman.
Albatta, tanqid ham kerak. Ammo hozirgi deputatlarga berilgan katta vakolat va imkoniyatlardan samarali foydalanish lozim.
Men ham uzoq yillar deputat bo‘lib ishlaganman, o‘sha davrda Parlamentda hisobot bergan vazirlarni kamdan-kam ko‘rar edik. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqacha-ku! Shuning uchun eng muhim masala – yurt taqdiriga daxldor bo‘lib, xalqimizni rozi qilish uchun hammamiz birgalikda ishlashimiz kerak.
Umuman, Parlamentimizning ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish ham Konstitutsiyamizda o‘z aksini topishi zarur.
Ma’muriy islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida kelgusi yilda hududlardagi boshqaruv tizimi ham isloh qilinadi.
Barcha ma’muriy islohotlar doirasidagi yangi tashabbuslar Konstitutsiyamizda albatta belgilab qo‘yilishi lozim. O‘ylaymanki, sizlar ham bunga qo‘shilasizlar.
Bu yil “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi yangi qonunni qabul qildik. Bundan buyon davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinadi. Barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab boriladi.
Har yili 500 nafar mutaxassisni eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda o‘qitib kelamiz.
Kelgusi ikki yilda har bir tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, bilimli va tajribali kadrlar qo‘yiladi.
Yangi yildan boshlab har bir hokim o‘z tumaniga 40-50 million dollar xususiy investitsiyalarni olib kelishi kerak bo‘ladi.
Vazirlar faqat davlat mablag‘ini sarf qilmasdan, o‘zlari ham tashabbus ko‘rsatib, xususiy investitsiyalarni jalb qilishlari lozim. Masalan, davlat-xususiy sheriklik orqali qishloq, suv, o‘rmon xo‘jaliklari, transport sohalariga bemalol yiliga 1 milliard dollargacha sarmoya olib kelish mumkin.
Ma’muriy islohotlar doirasida yana bir muhim tashabbusni ilgari surmoqchiman.
Hozirgi kunga kelib Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar 7 taga yetdi. Mintaqamizda poytaxtlar bilan bir qatorda boshqa yirik shaharlar ham “o‘sish nuqtalari”ga aylanmoqda. Bularning orasida Samarqand va Namangan shaharlari ham bor. Ularning har birida aholi soni bir millionga yetmoqda. Ikkala shaharda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Samarqand shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylanmoqda. Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini topmoqda. Shu bois, Samarqand va Namangan shaharlarini alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qilaman.
Bu poytaxtimiz Toshkent bilan bir qatorda “o‘ziga tortuvchi markazlar”ni ko‘paytirish bo‘yicha boshlagan siyosatimizda yangi amaliy qadam bo‘ladi; jon boshiga daromad, ish joylarini ko‘paytiradi; ikkala viloyatda ham tumanlarni rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratiladi va buyam adolatdan bo‘ladi.
Endi ushbu viloyat hokimlari faqat yirik shaharlar bilan emas, tumanlarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ham ishlashi talab etiladi.
Har ikkala shaharni rivojlantirish dasturi Vazirlar Mahkamasida tasdiqlanib, ularning ijrosi uchun bevosita Bosh vazir javob beradi.
Ikkinchi yo‘nalish. Biz Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak.
Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir.
Shu bois, birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz.
“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.
Ma’rifatparvar jadid bobolarimizning bu so‘zlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi.
O‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur, deb hisoblayman.
Kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Hozirgi vaqtda ular xalqaro ekspertizadan o‘tib, o‘zimizda sinovdan o‘tkazilmoqda. Lekin yuqori sinflarda-chi? Ochiq aytish kerak, ularda berilayotgan ta’lim va tarbiya sifati, o‘qituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida, deb bo‘lmaydi.
Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.
O‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur.
Mana, maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak!
Bu borada Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma’qullangan “A-level” ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda.
Bu jarayonda har bir o‘quvchi o‘zining qobiliyatiga qarab, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur o‘qitiladi, dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyatlari kengayadi.
Shu bois, 2023-yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilishni boshlaymiz.
Bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinadi. Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi.
Hozirgi ochiqlik siyosati, chet el investitsiyalari va yangi korxonalarning ortib borayotgani yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni o‘rganishga undamoqda. Shu bois, maktablarga yuqori malakali xorijiy o‘qituvchilarni olib kelishga majbur bo‘lyapmiz.
Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha maktab jamoalariga murojaat qilmoqchiman.
Jondan aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta o‘rganib chiqsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz qanday o‘zgaradi?
Yangi O‘zbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining mas’uliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Va men ishonaman – siz, jonkuyar o‘qituvchilarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalaysizlar.
Kelgusi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning sonini 1 mingtaga yetkazamiz.
Yil boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada yetarli tajriba orttirdik.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi. Bu jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, farzandlarimizni sog‘lom va sifatli ovqat bilan ta’minlashga Xalq ta’limi vaziri mas’ul va javobgar bo‘ladi.
Ta’lim sohasidagi navbatdagi muhim yo‘nalish, bu – yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.
Bu maqsadda 2023-yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi.
Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytiramiz. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tizim bizda hozirgacha bo‘lmagan. Lo‘nda aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratamiz.
So‘nggi olti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bog‘chaga bormoqda. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan YUNЕSKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha Umumjahon anjumanida ham bu islohotlarimiz yuksak e’tirof etildi.
Shu bilan birga, kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni kerak. Bu – juda katta marra. Shu bois, bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.
So‘nggi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi.
Biz bu raqamlarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Lekin, ta’lim sifati nima bo‘ladi, degan savol hammamizni o‘ylantirishi kerak.
Avvalambor, bunga har bir oliygoh o‘zi harakat qilishi lozim, o‘shanda natija bo‘ladi.
Bu borada 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda transformatsiya ofislari ochildi. Oliygoh rektorlari, professor va o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerak.
Kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi.
Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu – 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p, degani.
Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi.
Bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi.
Kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratiladi.
Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi bugungi kunda biz uchun dolzarb yo‘nalishlarda aniq natijalar ko‘rsatishlari kerak.
Hurmatli yurtdoshlar!
Xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz.
Avvalo, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi.
Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tishni tezlashtiramiz. Kelgusi yili bu tizim Toshkent shahrida boshlanadi. Bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.
Shu o‘rinda bir og‘riqli masalani aytib o‘tmoqchiman. Bugungi kunda 7 million aholimizda turli xil surunkali kasalliklar bor.
Sog‘lom hayot tarzi haqida olti yildan beri gapiryapmiz. Lekin Sog‘liqni saqlash vazirligi buni hali joy-joyiga qo‘ya olmayapti. Sog‘lom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayapti, turli yoshdagi kishilar uchun jismoniy mashqlarni o‘rgatish ishlari yo‘q. Aslida, inson salomatligi, tibbiyotning zamini ham shular-ku! Shu bois, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakatini mahalladan boshlaymiz. Bu harakatda yoshu qari – barcha yurtdoshlarimiz o‘z o‘rnini topishi kerak.
Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish ishlari davom ettiriladi. Kelgusi ikki yilda har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib beriladi, ekspress laboratoriyalar to‘liq yangilanadi.
Yangi yilda qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik katta dastur amalga oshiriladi. Barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi, o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytiriladi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda 15 mingga yaqin onkologik bemorlar nur yordamida davolanishga muhtoj. Shu bois, kelgusi yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda, davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlaymiz.
Muhtaram qo‘shma majlis qatnashchilari!
Ma’lumki, barcha islohotlarimiz zamini va ko‘zgusi bu – mahalla. Jamiyatimizdagi barcha jarayonlar mahalla hayotida o‘z ifodasi va amaliy yechimini topadi.
Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir. Shuning uchun ham bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi.
Avvalambor, 2023-yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr energiyasi, yo‘l, maktab kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p, ya’ni 8 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi zarur.
Mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi. Buning uchun yangi yilda 1 yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qoladi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyamizga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi yangi moddalarni kiritish lozim, deb hisoblayman.
Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 mingga yetkazamiz. Bu borada ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettiriladi.
Kelgusi yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanadi. Dastur doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi.
Bundan tashqari, jamoat transportidagi vaziyat mutlaqo o‘zgaradi. Toshkent shahri uchun qo‘shimcha ravishda 1 mingta zamonaviy avtobus sotib olinadi, 7 ta yer usti metro bekati ishga tushiriladi. Bularning hisobidan har kuni 500 mingdan ziyod poytaxt aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Hududlarda ham yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida yana 1 mingta avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali jamoat transporti bo‘yicha ahvol og‘ir bo‘lgan 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzog‘i yaqin qilinadi.
Uchinchi yo‘nalish. Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozim.
So‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qildik. Shu bilan birga, odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha hali qo‘limiz yetib bormagan masalalar bor. Afsuski, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda.
Bu masalalar, eng avvalo, Oliy sud raisi va Bosh prokurorni tashvishga solishi kerak.
Nima uchun haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi?
Bu masalani alohida nazoratga olib, tez kunlarda ushbu tizimning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlashimiz zarur.
Shu bois, qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratamiz. Bu masalada alohida Farmon imzolanadi.
Eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham beriladi. Buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati ham, mas’uliyati ham oshiriladi.
Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazamiz. Endi tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilyapmizmi?
Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi.
Tergov sifatini oshirish bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘ramiz. Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak.
Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi.
Odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi.
Nima uchun advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatda tenglik haqida qanday gapirish mumkin?
Endi sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinadi.
Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi.
Oxirgi paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda.
Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi.
Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi.
Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat.
Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziri bu haqiqatni har bir xodimiga yetkazib, ta’sirchan nazorat o‘rnatishi shart.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ma’muriy sudlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqamiz.
Ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko‘rish amaliyoti joriy qilinadi.
Vazirlar ham, hokimlar ham bir haqiqatni yaxshi tushunib olishi kerak: O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi.
Bu borada Xalqaro tijorat sudini O‘zbekistonda tashkil qilish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlandi.
Yuqoridagi barcha tashabbuslarni Konstitutsiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim.
Shu o‘rinda biz uchun dolzarb muammo bo‘lgan korrupsiya masalasiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
O‘tgan ikki yilda 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaga doir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Lekin, ochiq aytish kerak, bu – masalaning sababi bilan emas, oqibati bilan kurashish.
Deputat va senatorlar, mahalliy kengashlar ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishlari kerak emasmi?
Har bir deputat o‘zining okrugidagi budjet hisobidan bo‘layotgan qurilishlar, yo‘llarni, har oyda borib ko‘rsa, buyurtmachi va pudratchidan sifatni talab qilsa, bilasizlarmi, ahvol qanday o‘zgaradi? Buning uchun sizlarda yetarli vakolat ham, shijoat ham bor.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida alohida qonunlar qabul qilinib, huquqiy asoslar yaratildi.
Endi amaliy ishlarni kuchaytirish kerak. Sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha bo‘shliqlarga barham beriladi.
To‘rtinchi yo‘nalish ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani bilan bog‘liq.
Biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz shart. Shu bois, Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirishimiz zarur.
Bilasiz, mamlakatimiz so‘nggi 3 yilda qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi. Buning ta’siri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi.
Shu o‘rinda Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi bo‘yicha qo‘shni Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga xalqaro me’yorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozim, deb hisoblaymiz. Bunday yondashuv qo‘shnilarimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishiga ishonamiz.
Umuman, so‘nggi 15 yilda yog‘ingarchilik 25 foizga qisqardi. Yozda o‘ta issiq kunlar davomiyligi ortgani oldimizda hali katta sinovlar borligidan dalolat beradi. Lekin hozirgi vaqtda ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor. Shu bois, suv xo‘jaligi tizimi isloh qilinadi.
Suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimi joriy etiladi va kelgusi uch yilda 13 mingga yaqin suv xo‘jaligi obyekti raqamlashtiriladi. Shu bilan birga, 16 ta yirik nasos stansiyasi davlat-xususiy sherikchilik asosida modernizatsiya qilinadi va muqobil energiyaga o‘tkaziladi.
Bularga qo‘shimcha ravishda suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltiriladi.
Hozirgi vaqtda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham jiddiy ekologik muammolar paydo bo‘lmoqda. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor yerlar qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash shular jumlasidandir.
Tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelgusi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerak. Bu borada mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni kuchaytiramiz.
Hurmatli xalq vakillari!
Biz qishloq xo‘jaligida islohotlarni qat’iy davom ettiramiz.
Yer munosabatlari bo‘yicha katta ishlarni boshlab, shu yilning o‘zida 100 ming gektar ekin yerini aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berdik. Buning hisobidan 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat yetishtirildi.
Eng asosiysi, qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil qilindi, 1 million 200 mingdan ziyod odamlarimiz band bo‘lib, daromad olyapti.
Agar shu islohotni qilmaganimizda, bozor va do‘konlarimiz hozirgidek to‘kin bo‘larmidi, eksport shu darajaga yetarmidi, jon boshiga daromad o‘sarmidi?
Shu bois, 2023 yilda ham suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektar qo‘shimcha ekin maydonlarini aholiga ajratamiz. Buning hisobidan qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etiladi.
Agar jami 750 mingta yangi dehqon xo‘jaligini tadbirkorga, yer egasiga aylantira olsak, qishloqda juda ko‘p ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasi yechiladi. Men bunga ishonaman.
Viloyat va tuman hokimlari bu ishni samarali tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘lib, xalq oldida doimiy hisobot berib borishlari kerak. Buning uchun kooperatsiyani faol qo‘llab-quvvatlaymiz, kichik va o‘rta quvvatli saqlash korxonalari, saralash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantiramiz.
Umuman, agrar sohada yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga 2023 yilda 1 milliard dollar ajratiladi.
Beshinchi yo‘nalish. Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Konstitutsiyada alohida o‘rin egallashi kerak.
Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan keskin jarayonlardan barchangiz xabardorsiz. Jahonda murakkab geosiyosiy vaziyat, energiya resurslari tanqisligi kuchayib bormoqda, oziq-ovqatga ehtiyoj ortib, moliyaviy resurslar qimmatlashmoqda.
Bunday vaziyatda, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, iqtisodiy islohotlarni qat’iy davom ettiramiz, ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, xususiy sektorni yanada qo‘llab-quvvatlaymiz. Buning uchun, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash bo‘yicha islohotlarni jadallashtiramiz.
Birinchi navbatda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.
Biz chuqur tahlil qildik. Kelgusi yildan boshlab tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi. Jumladan, tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan 26 ta tuman – 1-toifaga; infratuzilmasi yaxshi bo‘lgan 46 ta tuman – 2-toifaga; sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lgan 76 ta tuman – 3-toifaga; jozibadorligi yetarli bo‘lmagan 40 ta tuman – 4-toifaga; sharoiti og‘ir bo‘lgan 20 ta tuman – 5-toifaga to‘g‘ri keladi.
Endi toifaga qarab, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishini belgilaymiz. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi.
Misol uchun, beshinchi toifaga kiruvchi, sharoiti eng og‘ir bo‘lgan 20 ta tuman uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalarini 1 foiz miqdorida belgilaymiz. Mazkur tumanlardagi tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘laydi. Yakka tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Xuddi shunday, boshqa toifadagi tumanlarda kreditlarga pasaytirilgan foiz stavkalarini qo‘llash, infratuzilma xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish kabi bir qator yengilliklar beriladi.
Budjet xarajatlari, aholi va tadbirkorlar oldidagi majburiyatlarimizni qisqartirmagan holda, biznesga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Jumladan, 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi. Lekin biznes muhitini yaxshilash uchun faqat soliqni kamaytirishning o‘zi yetarli emas.
O‘tkazilgan so‘rovlarda 70 foiz tadbirkorlar soliq, bojxona, hokimiyat, elektr, kadastr, yong‘in xavfsizligi, sanitar nazorat kabi idoralar tomonidan ma’muriy bosimlar borligini bildirgan. Shu bois, 2023 yilda nazorat qiluvchi va ruxsat beruvchi idoralar faoliyati yana bir marta tanqidiy ko‘rib chiqiladi.
Birinchi navbatda, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi jiddiy isloh qilinadi. Bunda hamma davlat idoralarida tadbirkorlarga servis xizmati ko‘rsatishni baholash tizimi joriy qilinadi. Kelgusi yil shu masala bilan qattiq shug‘ullanamiz.
Ta’kidlab aytmoqchiman: biz tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yengillashtirish bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Xalqimiz ham, tadbirkor va investorlar ham bizdan dolzarb masala bo‘lgan energetika sohasida aniq yechimlar kutayotgani sir emas.
Ochiq aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q.
Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham ayni haqiqat. Oqibatda tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.
Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda aholimiz 13 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobar ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada elektr energiyasiga talab kamida 35 foiz oshdi va yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin.
Shu bois, so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi. Jumladan, o‘tgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyasini qurish bo‘yicha tanlov yakunlandi. Deputat va senatorlar tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar buning uchun huquqiy asos bo‘ldi.
Yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirdik.
Kelgusi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazamiz. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.
Ochiq aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda.
Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman. Lekin xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak.
Eng muhim masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish.
Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz. Deputat va senatorlarimiz bu ishga bosh-qosh bo‘lsa, albatta ijobiy natija bo‘ladi.
Uy, ishxona, bog‘cha, maktab va ko‘chalarda odamlarimizga energiyaning qadriga yetish, uni tejashni o‘rgatish kerak. Qonunlarimizda ham bu masalalarni mustahkamlash zarur.
Shu bilan birga, kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish keskin oshiriladi. Misol uchun, Toshkent viloyatida Olmaliq, Bekobod kombinatlari va boshqa yirik korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun 1 ming megavattli quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatsa, yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali Toshkent viloyatining qariyb 30 foiz elektr iste’moli ta’minlanadi va 500 million kub metr gaz tejaladi.
Xuddi shunday asosda boshqa viloyatlar ham hisob-kitoblarini qilib, kelgusi yil uchun aniq rejalarini belgilab olishi kerak.
Respublikaning har bir tuman va shahar hokimi ham o‘z hududidagi xonadon va korxonalarda jami 5-10 megavattli qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirishi shart.
Agar ana shu masalaga jiddiy kirishsak, bu ishlar albatta natijasini beradi.
Umuman, kelgusi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi. Buning hisobidan ularning 60 foiz elektr va gaz iste’moli “yashil energiya”ga o‘tkaziladi.
Aholi xonadonlarida esa, quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobar ko‘paytiriladi.
Umuman, “yashil energiya”ga tezroq o‘tmasak, bu borada qonunlarimizda ham aniq mexanizmlarni belgilamasak, aholimiz va tadbirkorlarimizni rozi qila olmaymiz.
Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n yillik dastur qabul qilamiz. Bunda yangi texnologiyalarni joriy etib, ilk bor chuqur qatlamlarda gaz qazib chiqarish ishlarini boshlaymiz. Jumladan, Ustyurtning yuqori istiqbolga ega chuqur qatlamlarida qidiruv ishlariga nufuzli xorijiy investorlar jalb qilinadi.
Gaz qazib chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqiladi, samarasiz ishlayotgan korxonalar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Oltinchi yo‘nalish. Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilaymiz.
Biz so‘nggi olti yilda investitsiyalar hajmini yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan oshirishga erishdik.
Kelgusi yili qariyb 30 milliard dollar sarmoya jalb qilinadi, shundan 25 milliard dollar xususiy investitsiyalar bo‘ladi. Jumladan, umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushiramiz va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanadi.
Misol uchun, “Yoshlik” mis konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-misni boyitish fabrikasi ishga tushadi. Bu orqali Olmaliq kombinatining rudani qayta ishlash quvvati hozirgi 40 milliondan 100 million tonnaga yetadi.
Shu bilan birga, Olmaliqda misni boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi loyihalari boshlanadi.
Navoiydagi Pistali konida 4 million tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasining qurilishi yakunlanadi.
Metallurgiya sohasida amalga oshirilayotgan katta dasturlarimiz besh yildan keyin misni – 3 barobar, oltinni esa yiliga 150 tonnagacha oshirish imkonini beradi.
Kimyo, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligida ham katta-katta loyihalar ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, faol investitsiyalarni jalb qilishda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish zarur.
Kelgusi yili katta xususiylashtirishni boshlaymiz, 1 mingga yaqin korxona savdoga chiqariladi.
Bugun ko‘nglimdagi bir niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin. Odamlarimiz o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lsin.
Shuning uchun topshiriq berdim: kelgusi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarimizning aksiyalari o‘z aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi.
Bu chinakam xalqchil IPO bo‘lishiga ishonaman.
Shu borada ilgari ham aytgan gapimni takrorlashni o‘rinli, deb bilaman: xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.
Navbatdagi masala – 2023 yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha 4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsadimiz bo‘ladi.
Bu yil boshlangan “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi o‘z samarasini bermoqda. Bir yilning o‘zida 2 mingga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorlarga chiqdi.
Kelgusi yilda ham eksport qiluvchilarga transport va boshqa xarajatlarini kompensatsiya qilish davom ettiriladi.
Yevropa bozorlariga tekstil, elektr texnikasi, charm-poyabzal va boshqa tayyor mahsulotlar eksportini kamida 2 barobar oshiramiz. Mahsulotlar eksporti bo‘yicha hozirgi 9 ta bosqichdan iborat bojxona rasmiylashtiruvi 3 barobar qisqaradi.
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtiramiz.
Umuman, 2023-yilda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan ortadi.
Hurmatli deputat va senatorlar!
Dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni izchil davom ettiramiz.
Bundan keyin ham asosiy e’tiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz bo‘lgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratamiz.
Milliy xavfsizlikni ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz.
Shu o‘rinda deputat va senatorlarimiz, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, butun xalqimizga qarata aytmoqchiman: eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylik!
Shu maqsadda biz yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak.
Yosh avlodimizni ana shunday barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda biz muhtaram nuroniylarimizga tayanamiz.
Hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lgan duogo‘y otaxon va onaxonlarimizning sihatgohlarda salomatligini tiklash, ularga mahalla va jamoat maskanlarida qo‘shimcha sharoitlar yaratishni davom ettiramiz.
Millati, tili va dinidan qat’i nazar, O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb biladigan, uning ravnaqi uchun hissa qo‘shib kelayotgan har bir fuqaro bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibori va ardog‘ida bo‘ladi.
Millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi?
Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz. Buning uchun nafaqat mas’ul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha oila, mahalla va ta’lim maskanlarida ish olib borishimiz zarur.
Bu muhim masalada alohida Milliy dastur qabul qilamiz.
Jamiyatimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur.
Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy ko‘rgazma xalqimizning noyob tarixiy merosi, betakror madaniyati va an’analariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday tarixiy va madaniy boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijiy turistlarga yanada kengroq tanishtirish, muzeylarni zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Mana, sizlar bilan birgalikda 2023-yil uchun ulkan maqsad va vazifalarni belgilab oldik. Albatta, dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda bu vazifalarni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Lekin biz o‘tgan davrda katta bilim va tajriba to‘pladik. Eng muhimi, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz tobora ortib bormoqda.
Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz.
Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz.
Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, barcha sinovlarni mardona yengib, o‘zining fidokorona mehnati bilan jonajon Vatanimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shayotgan mard va olijanob, bag‘rikeng xalqimizga yana bir bor ta’zim qilaman.
Barchangizni, butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, fayzu baraka, oilaviy baxt tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Yaratganning o‘zi barchamizni, O‘zbekistonimizni panohida asrasin!
Keyingisi
Qozog‘iston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 21-dekabr kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
21.12.2022