O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqi

Hurmatli Sadir Nurgojoyevich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishining barcha ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman.

Hamkasblarimning so‘zlariga qo‘shilgan holda, hurmatli Sadir Nurgojoyevichga ushbu uchrashuvimizni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.

Qirg‘izistonning YEOIIdagi faol raisligi mamlakatlarimizning Yevroosiyo birlashmasi doirasidagi ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Hurmatli hamkasblar!

O‘zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan sheriklik munosabatlarini rivojlantirishni davom ettirmoqda. Bu biz uchun juda muhim yo‘nalish, chunki YEOII mamlakatlari tabiiy hamkorlarimizdir.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish va mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorligida ijobiy sur’atni ta’minlashga muvaffaq bo‘lganimiz bizni quvontiradi.

Xususan, O‘zbekistonning birlashmaga a’zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 30 foizga, joriy yilning birinchi to‘rt oyida esa yana 33 foizga oshdi.

YEOII mamlakatlaridan jalb qilinayotgan investitsiyalar yiliga qariyb 25 foizga ko‘paymoqda.

Shu bilan bir qatorda, dunyoda ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar va inqirozli hodisalar mamlakatlarimiz barqarorligi uchun jiddiy xatardir.

Globallashuv davri yangi jahon tartiboti shakllanishi bosqichiga o‘tmoqda.

Ilgari kuzatilmagan miqyosdagi cheklov choralari kiritilayotgani, mahsulotlar yetkazib berishning logistik zanjirlari va kooperatsiya aloqalari uzilayotgani, xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o‘sayotgani, ijtimoiy keskinlik kuchayib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Yuzaga kelgan vaziyatda umumiy sa’y-harakatlar bilan birgalikdagi chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, noodatiy yechimlar topish va hamkorlikning nostandart mexanizmlaridan foydalanishni muhim, deb hisoblaymiz.

Bugun savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish vazifasi har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega.

O‘zbekiston va YEOII mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etishni davom ettirish va sertifikatlashtirishni tan olish tovarlarning bozorlarimizga kirib borishini ancha soddalashtirish imkonini beradi.

Shu ma’noda, oziq-ovqat va xomashyoni chetga chiqarish bo‘yicha cheklovlar O‘zbekistonga nisbatan tatbiq etilmasligi masalasida bizni qo‘llab-quvvatlashlariga niyat qilamiz.

Shuningdek, birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali agrosanoat kooperatsiyasini kengaytirishni muhim, deb hisoblaymiz.

Ushbu ishlar natijadorligini oshirish uchun Agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Ushbu dastur bozorlarimizni kafolatli to‘ldirish maqsadida YEOII mamlakatlarida don va moyli ekinlarni birgalikda yetishtirish hamda meva-sabzavot ekinlarini, shu jumladan, ularning ertapishar navlarini O‘zbekistonda yetishtirish masalalarini qamrab olishi mumkin. Ayni paytda dasturni amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatini ishga solish maqsadga muvofiq.

Yangi xavf-xatarlar muqobil transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish, Janub va Sharq yo‘nalishlarida transport bog‘liqligini mustahkamlashni taqozo etmoqda.

Eng yaqin vaqtda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadigan “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ro‘yobga chiqarishga kirishishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu yo‘l “Sharq – G‘arb” yo‘nalishida mavjud temir yo‘l magistrallarining imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shu bilan bir qatorda biz Janubiy Osiyoga va uning 2 milliard iste’molchiga ega bozoriga chiqish uchun eng qisqa yo‘lni ta’minlaydigan Termizdan Pokistonning Peshovarigacha transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini amalga oshirish borasida YEOIIdagi sheriklarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarimizning innovatsion salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda sanoat kooperatsiyasining yangi shakllarini, eng avvalo, yuqori texnologiyalar sohasida rivojlantirish tarafdorimiz.

Toshkent shahrida «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazilgani bu borada birinchi amaliy qadam bo‘ldi. Uning ishida birlashma mamlakatlarining mingdan ziyod kompaniyasi ishtirok etdi. Biz ushbu muhim maydonni yanada kengaytirish niyatidamiz.

Shu maqsadda, eng avvalo, kimyo, farmatsevtika, mashinasozlik, uskunasozlik, elektronika sohalarida kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bunda yangi kompetensiyalarni shakllantirayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologik markazlar imkoniyatlarini ishga solish muhim.

Mamlakatlarimizda mehnat migratsiyasi va mutaxassislar harakati bilan bog‘liq masalalar dolzarbligi ortmoqda.

YEOIIga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar iqtisodiyotlarining tez o‘zgarib borayotgan ehtiyojlariga muvofiq mehnat resurslarini samarali jalb qilish imkonini beradigan zarur hujjatlarni qabul qilish va soddalashtirilgan tartib-taomillarni qabul qilishni taklif etamiz.

Pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish sharoitida turizm sohasi iqtisodiy taraqqiyotning tabiiy drayveriga aylanishi mumkin. Yil boshidan buyon O‘zbekistonga, birinchi navbatda YEOII mamlakatlaridan turistlar oqimi sezilarli o‘sayotganini kuzatmoqdamiz.

Joriy yil kuzida O‘zbekistonda yetakchi kompaniyalarimiz ishtirokida Turizm industriyasini rivojlantirish forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yo‘lovchi transporti qatnovini to‘liq hajmda tiklash masalasini ishlab chiqish ham muhimdir.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

So‘zimning yakunida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqlamoqchiman.

Bugungi uchrashuv natijalari ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash, mamlakatlarimizda barqaror iqtisodiy rivojlanish va farovonlikni yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.

E’tiborlaringiz uchun rahmat.

Manba