Muhtaram Rais janoblari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Forum ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumining barcha ishtirokchilarini qutlash menga ulkan mamnuniyat bagʻishlaydi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Janobi Oliylarini koronavirus oqibatlarini birgalikda yengib oʻtish va sherikligimizni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan ushbu muhim tadbirda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildiraman.
Jahondagi mushkul vaziyat va global inqiroz sharoitida aynan shunday koʻp tomonlama muloqot yangi xatar va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun imkoniyat yaratib, mamlakatlarimiz barqarorligi, farovonligi va izchil taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qiladi.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Biz Oʻzbekistonda Koreya Respublikasi Prezidentining keng Yevroosiyo makonida xavfsizlikni taʼminlash va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Yangi shimoliy siyosati”ni yuksak baholaymiz.
Mintaqaviy siyosatning eng muhim jihatlari va hamkorligimiz istiqbollariga qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Birinchidan. COVID-19ning global miqyosda tarqalishi mintaqa davlatlari oʻrtasida yaqin muvofiqlashuv va keng xalqaro hamkorlik boʻlishi zarurligini koʻrsatdi.
Koreyalik va boshqa sheriklarimizni Oʻzbekistonda ushbu kasallikka qarshi kurashishda koʻrsatilgan koʻmak uchun minnatdorlik bildiraman.
Birgalikdagi ishlarni quyidagi yoʻnalishlarda davom ettirishni taklif etaman:
- Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmatsevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish;
- zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va chegaralarimizdagi sanitariya nazorati punktlarini modernizatsiya qilish;
- Koreya Respublikasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari ishtirokida epidemiolog va virusolog vrachlarni tayyorlash;
- tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalarini tashkil etish;
- mintaqada epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va barvaqt prognozlashtirishning integratsiyalashgan tizimini joriy etish.
Ikkinchidan. Biz Koreya Respublikasini mamlakatimizga raqamli va “yashil” texnologiyalarni keltirishda asosiy hamkorlardan biri deb bilamiz.
Bugungi kunda Koreyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida Oʻzbekistonda yuqori texnologik tarmoqlarda oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Biz koreyalik investorlar faoliyatini bundan buyon ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz va ragʻbatlantiramiz.
Shuningdek, Seul shahrida boʻlib oʻtadigan “Yashil” taraqqiyot va 2030-yilga qadar global maqsadlar uchun sheriklik xalqaro sammitida faol ishtirok etishga tayyormiz.
Uchinchidan. “Yangi shimoliy siyosat”ning izchil amalga oshirilishi samarali mintaqaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirishning dolzarb ahamiyatini koʻrsatmoqda.
Bu borada soʻz yuritilganda, avvalo, Transsibir magistrali va “Gʻarbiy Yevropa – Gʻarbiy Xitoy” yoʻlagi marshrutlarini mintaqamizdagi yangi temir yoʻllar qurish loyihalari bilan oʻzaro bogʻlash zarurligini qayd etish lozim.
Bunday sharoitda Koreya yarimoroli Tinch okeani mintaqasini Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bogʻlaydigan gʻoyatda muhim kommunikatsiya koʻprigi boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Ushbu noyob imkoniyatlarni ekspertlar darajasida koʻrib chiqishni taklif etamiz.
Toʻrtinchidan. Sherikligimizni mustahkamlashda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” forumi muhim rol oʻynaydi.
Uning doirasida yangi tashabbus va loyihalar amalga oshirilmoqda, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlik kengayib bormoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda hamkorligimizni yangi, yana-da yuqori bosqichga olib chiqish hamda Forum yigʻilishini davlatlarimiz hukumatlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazishga obyektiv zarurat sezilmoqda.
Ishonchim komil, birgalikda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” forumini ustuvor dastur va loyihalarni ilgari surishning taʼsirchan mexanizmiga aylantiramiz.
Beshinchidan. Prezident Mun Chje Inning Koreya yarimorolida mustahkam tinchlikka erishish borasidagi faol saʼy-harakatlarini Oʻzbekiston har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi hamda ularga mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlashga muhim hissa sifatida qaraydi.
Biz Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud yaratish borasida noyob tajriba toʻpladik.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan tegishli shartnoma ishtirokchilar oʻrtasida murakkab kelishish jarayonidan oʻtib, eng yirik yadroviy davlatlarning zarur kafolatlarini olgan.
Bugungi kunda ushbu shartnoma Markaziy Osiyoda yadroviy xavfsizlikni taʼminlashning samarali siyosiy-huquqiy mexanizmi hisoblanadi.
Keng tajriba almashish maqsadida Yadroviy qurolsizlanish, yadroviy quroldan xoli hududlar yaratish masalalari boʻyicha xalqaro ekspertlik forumini oʻtkazishni taklif etamiz.
Muhtaram xonimlar va janoblar!
Koreya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasining alohida ahamiyatga ega, ishonchli strategik sherigidir.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi diplomatik, savdo va madaniy aloqalar bir necha ming yillik tarixga ega.
Doʻstligimiz xalqlarimizning oʻxshash mentaliteti, milliy qadriyat va anʼanalariga asoslangan.
Oʻzbekistondagi koʻp sonli koreys diasporasi buzilmas rishtalarimizni mustahkamlab turuvchi muhim omildir.
Bu fuqarolarimiz mamlakat rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Soʻzim yakunida yana bir bor ishonch bilan aytmoqchiman: bugungi forum mamlakatlarimizning uzoq muddatli va serqirra hamkorligini butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yoʻlida rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochib beradi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti