Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Qadrli do‘stlar!
Sizlarni Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan azim Samarqand shahrida ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman.
Yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining Sammitida ishtirok etayotganingiz uchun barchangizga alohida tashakkurimni izhor etaman.
O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, aziz do‘stlar!
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Avvalambor, jahon xalqlari uchun do‘stlik va tinchlik timsoli, ilm-fan va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun Sizlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Ma’lumki, qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan.
Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur o‘rganib, kelgusi avlodlarimizga bezavol yetkazish barchamiz uchun eng asosiy vazifadir.
Bugungi sammitimizning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ko‘p ming yillik tariximiz davomida turkiy oilamiz mana shunday to‘liq shaklda, yangilangan tashkilotimiz doirasida yig‘ilib turibdi.
Hech shubhasiz, “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida barchamiz birgalikda mutlaqo yangi yuksalish bosqichiga qadam qo‘ymoqdamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugungi kunda barchamiz keskin geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshimizdan kechirmoqdamiz.
Shu sababli hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir.
Biz har qanday qiyinchiliklarni do‘stlik, hamkorlik va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali yengib o‘tishga qodirmiz.
So‘nggi bir yil davomida Tashkilotimizga Turkiyaning raisligi chog‘ida turli yo‘nalishlar bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirilgani, o‘zaro hamkorligimiz yanada faollashganini alohida e’tirof etmoqchiman.
O‘zbekiston ham o‘z raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda bugun qabul qilinayotgan “Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi”ni samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan Tashkilotimiz nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyatidamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Biz sammitga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Tashkilotimiz faoliyatini chuqur tahlil qildik.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlan-tirish uchun birgalikda salmoqli ishlar qilinganini e’tirof etish lozim.
Shu bilan birga, hali katta salohiyat va ulkan imkoniyatlarimiz to‘liq ishga solinmayotgani ham, ayni haqiqatdir.
Avvalo, hamkorligimizning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlashimiz maqsadga muvofiq.
Mamlakatlarimizning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdo-mizning atigi 4 foizini tashkil etadi.
Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi.
Bundan tashqari, davlatlarimiz orasida ayrim import bojxona tariflari yuqori bo‘lib qolmoqda.
Bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun, Tashkilotimiz doirasida “yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusini ilgari suramiz.
Ana shu rejamizga erishish uchun, Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etaman.
Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va “davra suhbat”lari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalarni o‘tkazish katta amaliy natija beradi.
Ushbu tadbirlar yakunlari bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qara-tilgan yillik “Yo‘l xaritalari”ni qabul qilishimiz muhim bo‘ladi.
Bu ishlarimiz, eng avvalo, o‘zaro savdoni keskin oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish,
qo‘shilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etishga qaratiladi.
Shu o‘rinda, biz Qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish taklifini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masala – bu transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish.
Jumladan, biz transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak.
Misol uchun: O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10 foiz tashqi savdo yuklarini tashimoqda.
Biz transport va tranzit salohiyatimizni to‘la ishga solish uchun nimalar qilishimiz kerak, Qanday qo‘shimcha choralar ko‘rish kerak, ularni qaysi muddatda va kimlar amalga oshiradi, degan savollarga javob topishimiz lozim.
Bu borada bugun qabul qilinayotgan Dastur asosida transport vazirlarimiz tomonidan yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Asosiy e’tiborni mintaqamizdagi tranzit koridor-larining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratmog‘imiz kerak.
Shu o‘rinda, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avto-transport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Tashkilotimiz davlatlarini ham qo‘shilishga chaqiramiz.
Bu yil Toshkentda o‘tkazilgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida nihoyatda katta salohiyatimiz borligini yaqqol ko‘rsatdi.
Tashkilotimizning nafaqat o‘z mamlakatlarimizni, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati bor.
Shu bilan birga, bu yo‘nalishda amaliy qadamlarimizni yanada kuchaytirishimiz va aniq loyihalar asosida hamkorligimizni chuqurlash-tirishimiz lozim.
Xususan, quyidagilarni taklif etaman.
Birinchidan, global va ichki bozorlarimiz ehtiyojlari, davlat-larimizning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilotimiz doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish vaqti keldi.
Ikkinchidan, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish muhim.
Uchinchidan, ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “Smart” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
O‘zbekiston taklifi bilan 2022 yil Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Yoshlar tashabbus-larini qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingan edi.
Uning doirasida Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlar poytaxti maqomiga ega bo‘ldi.
Yosh avlodni har tomonlama rag‘batlantirish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlarimizni izchil davom ettirish niyatidamiz.
Kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazishni taklif etaman.
Uning doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz, Tashkilo-timiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etishni ko‘zda tutmoqdamiz.
Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni ta’minlash maqsadida Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavoziminini joriy etish ayni muddao bo‘lar edi.
Yana bir ustuvor yo‘nalish – mintaqamizda xavfsizlikni ishonchli ta’minlashdir.
So‘nggi paytlarda jahonning turli nuqtalaridagi ziddiyatli voqealar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ham ta’sir o‘tkazayapti.
Bunday murakkab vaziyatda terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni ta’minlash sohalarida
Huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirishi lozim.
Shu bilan birga, Tashkilotimiz davlatlari Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda tashkil etishga tayyorligimizni bildiramiz.
E’tiboringizni yana bir dolzarb masalaga qaratmoqchiman.
Bugungi kunda yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi.
Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak.
Afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish maqsadida tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarini muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz.
Qadrli do‘stlar!
Men bugun O‘zbekistonning Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lganini e’lon qilishdan mamnunman.
O‘zining 30 yilligini nishonlayotgan tashkilot doirasida kelgusi yili Turkiy xalqlar madaniyati festivalini o‘tkazish taklifini to‘liq ma’qullaymiz.
Biz yaqinda Tashkilotimizga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini o‘zbek tilida nashr qildik.
Ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlod-larimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lar edik.
Yig‘ilishimiz doirasida turkiy dunyo birligini mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot birinchi marta tantanali ravishda topshirilishi barchamizni cheksiz quvontiradi.
Mazkur mukofotni har yili berib borish to‘g‘risidagi taklifimizni qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, uning nufuzini yanada oshirish, hamkorligimiz salohiyatini to‘liq ishlatish, qabul qilinayotgan qarorlarimiz va kelishuvlarimiz ijrosini ta’minlash eng dolzarb vazifamizdir.
Tashkilotimiz doirasida juda ko‘p tuzilmalar va turli mexanizmlar tashkil etilgan bo‘lib, ko‘plab vazirlar darajasida yig‘ilishlar, boshqa tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Lekin, ochiq tan olishimiz kerak, bularni tizimli muvofiqlashtirish va natijadorligini ta’minlash borasida hali ancha ish qilishimiz kerak.
Tashkilotimiz kelgusida mutlaqo yangi, samarali tizim asosida ishlashi uchun umumiy sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Shu maqsadda, Tashkilotda institutsional islohotlar o‘tkazishni taklif etamiz.
Bunda, eng avvalo, ustuvor yo‘nalish-larimiz bo‘lgan siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot texnologiyalari, turizm, innovatsiya va ta’lim, tibbiyot, yoshlar va boshqa sohalar bo‘yicha vazirlar darajasida alohida qo‘mitalar tuzishni taklif qilaman.
Ularning faoliyatiga ekspert va olimlarni, jamoatchilik va xususiy sektor vakillarini faol jalb etilishi katta samara berishi shubhasiz.
Bundan tashqari, Tashkilotimiz Kotibiyatining o‘rni va ta’sirini keskin oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
U har bir yo‘nalish bo‘yicha ishni samarali tashkil qilishi, ko‘p tomonlama sermahsul hamkorligimiz-ning ta’sirchan kuchiga aylanishi kerak.
Bugun bu yerda bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, Kotibiyatning yangi tuzilmasini kelgusi sammitimizda tasdiqlaymiz, deb ishonaman.
Yana bitta masala – bu davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinayotgan barcha qaror va hujjatlarning qat’iy nazorat tizimini kuchaytirish bilan bog‘liq.
Bu jarayonga Tashkilotimiz oqsoqollar kengashini jalb etib, ularning boy tajriba va malakasidan unumli foydalanishimiz kerak, deb hisoblayman.
Hurmatli do‘stlar!
Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulug‘ ajdodlari va beqiyos boyliklari bor.
Va men ishonaman, Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda.
Bu kelajakni, hech shubhasiz, mehnatkash, bag‘rikeng va olijanob xalqlarimiz bilan birgalikda yaratamiz.
Ko‘hna Samarqand shahridagi sammitimiz esa, turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab beradi.
bugun ana shunday ezgu g‘oyani o‘zida ifoda etgan Samarqand deklaratsiyasi ham qabul qilinadi.
Shuningdek, tashkilotimiz doirasida 2023 yilni Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili, deb e’lon qilish taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur bildiraman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimiz nomidan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga va do‘st Qozog‘iston xalqiga yaqinda bo‘ladigan muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tilaymiz.
Ishonamizki, donishmand qozoq eli o‘z mamlakatining tinchligi va taraqqiyoti, olib borilayotgan muhim islohotlarning bardavomligi uchun ovoz beradi.
So‘zimning yakunida Tashkilotimiz Bosh kotibi sifatida o‘z faoliyatini yakunlayotgan Bag‘dod Amreyev janoblariga ham alohida minnat-dorchilik izhor etaman.
Kelgusi ishlaringizda Sizga yutuq va omad yor bo‘lsin.
Yangi Bosh kotib, tajribali diplomat Quvanichbek Omuraliyev janoblarini lavozimga kirishayotgani bilan ham chin dildan muborakbod etaman.
Sizga mas’uliyatli faoliyatingizda katta zafarlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Keyingisi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
11-noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
11.11.2022