O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

2021-yil sentabr oyida Ozarbayjonda mamlakatimiz avtomobillarini yig‘ish korxonasining ishga tushirilgani muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalardan biri bo‘ldi. Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes forumida umumiy qiymati yarim milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat hududida neft-gaz, gaz-kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika, vinochilik va oziq-ovqat tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi istiqbollarini muhokama qildilar.

Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Transport yo‘laklarini rivojlantirish, yuk tashish tariflarini maqbullashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, birgalikdagi ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarni o‘tkazish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish muhim ekanini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Manba