O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari uchrashuv o‘tkazdilar

Ashxobod shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisiga otasi Malikguli Berdimuhamedovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqi va shaxsan o‘z nomidan yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi.

Malikguli Berdimuhamedov turkman xalqining sodiq farzandi va haqiqiy vatanparvar bo‘lgani, o‘z yurtining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgani ta’kidlandi.

Turkmaniston Prezidenti hamdardlik uchun tashakkur izhor etib, birodar o‘zbek xalqi va uning yetakchisi ushbu musibatli damlarda dalda bo‘layotganini yuksak baholashi va qadrlashini alohida qayd etdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Milliy Kengashining Xalq Maslahati raisi etib saylangani bilan tabrikladi, bu mamlakat taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan siyosat Turkmaniston xalqi tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin dalili ekanini ta’kidladi.

Pandemiya bilan bog‘liq murakkab davrda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyodga ko‘paydi va o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 530 million dollarga yetdi, 150 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, eng avvalo transport, energetika, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida mavjud salohiyatni yanada to‘liq ishga solish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi Ashxobod bitimini bundan buyon ham birgalikda ilgari surish, shuningdek, Xitoy – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Turkiya multimodal marshrutining samarali ishlatilishini ta’minlash va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga tomonlar tayyor ekani ta’kidlandi.

Muzokaralarda xalqlarimiz yaqinligining eng muhim omili sifatida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash dolzarb ekani yana bir bor qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston rahbariga uning xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarining navbatdagi yorqin ramzi sifatida Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘ini tashkil etish tashabbusi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Hamkorlikni kengaytirish va yangi o‘sish nuqtalarini izlash maqsadida yaqin vaqtda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga qaror qilindi.

Uchrashuv O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari yakunida ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlash yo‘lida o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashda qat’iy ekanliklarini tasdiqladilar.

Manba