O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash strategiyasi loyihasi muhokama qilindi

Yaqinda ishchi guruhning o‘tkazilgan yig‘ilishda 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolari, ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ekspertlar va komissiya a’zolari mazkur strategiya loyihasi muddati va bu borada qaysi tashkilotlar mas’ul bo‘lishi kabi masalalar yuzasidan so‘z yuritishdi.

Ta’kidlanganidek, strategiyaga ko‘ra, xotin-qizlarning iqtisodiy resurslardan, shu jumladan, ko‘char va ko‘chmas mulk, yer, moliyaviy kreditlar, jamoatchilik jamg‘armalari, shuningdek, erkin tanlangan tadbirkorlik faoliyati turlaridan teng foydalanish huquqi qo‘llab-quvvatlanadi. Mamlakatning chekka va uzoq qishloq hududlardagi xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash bo‘yicha dasturlar yanada takomillashtiriladi. Ayollarning bandlik va mehnat bozoridan foydalanish huquqini kengaytirish uchun maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limining ommabopligini oshirishga e’tibor qaratiladi.  Ularning moliyaviy bilim va malakalarini rivojlantirish hamda kengaytirish, moliyaviy institutlarning barcha xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish, shu jumladan, banklar va kreditlar bilan ishlash ko‘nikmalari oshirish, imtiyozli kreditlarni joriy etish ustida ish olib boriladi.

Eng muhimi, gender strategiyani amalga oshirish O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi strategik maqsadlar kontekstida qabul qilingan milliy va xalqaro majburiyatlar (Pekin Deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konventsiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqalar) ni bajarishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, ekspertlar jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish kabi murakkab masalalar birgina davlat hamda jamoat tuzilmalari zimmasiga yuklatilgan vazifa emasligi, bu borada barchaning faol ishtirokini kuchaytirish muhimligi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Manba