Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 20-dekabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash sohasida moliyaviy masalalar hal qilinib, barcha imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda kamchiliklar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi. Ko‘rsatilgan muammolarni bartaraf etish, o‘z hududida zarur oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli zaxirasini shakllantirish va narxlar barqarorligini ta’minlash barcha darajadagi hokimlarning diqqat markazida bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
- Dunyoda oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, inflyatsiya xavf-xatarlari kelgusi yilda oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb masala bo‘lib qolishini yaqqol ko‘rsatmoqda. Shu bois, viloyat hokimlari o‘z hududida baliq yetishtirish holatini tahlil qilib, tadbirkorlar va aholi xonadonlariga barcha sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha tizimli shug‘ullanishi zarur, - dedi Prezident.
O‘tgan besh yilda mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ida umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik 1016 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida baliq yetishtirish hajmi 6 baravarga oshib, joriy yilda 400 ming tonnaga yetkaziladi. Baliq iste’mol qilish hajmi 2016-yilga nisbatan 5,7 barobarga oshdi.
Yig‘ilishda bu ko‘rsatkichlar yetarli emasligi, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi.
Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida hosildorlik haligacha gektariga 3-4 tonnani tashkil etayotgani, ushbu hududlarda intensiv baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizidan oshmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan sun’iy havzalarni intensivlashtirish, tarmoqda klasterlar va kooperatsiya tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda baliq yetishtirish hajmini 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bunga erishish uchun Sharof Rashidov tumani tajribasi asosida kelgusi yilda 10 mingta xonadonda intensiv baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga soliqlardan ozod etiladi. Xorijdan mutaxassis jalb qilgan klasterlarga esa xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi o‘rnatiladi.
Uyida baliq yetishtiruvchilar uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar miqdori 2 barobarga oshiriladi, bu maqsadlarga kelgusi yilda 400 milliard so‘m va 20 million dollar yo‘naltiriladi.
Baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, ular o‘zini o‘zi band qilgan aholi toifasiga o‘tkaziladi.
Yangiyo‘l va Quyichirchiq tumanlarida aholini baliq yetishtirishga o‘rgatish bo‘yicha tajriba o‘tkazilib, kelgusi yil 1-iyundan Navoiy, Sirdaryo va Farg‘onada ham keng joriy qilishga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 million yevro jalb qilish rejalashtirilgan.
Hosildorligi past bo‘lgan 21 ming gektar sun’iy havzalarda hosildorlikni 3 barobarga oshirish va qo‘shimcha 190 ming tonna baliq yetishtirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun 2,2 mingta xo‘jalikni 50 mingta suvni kislorod bilan boyitish uskunasi – aerator bilan jihozlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga ushbu imkoniyatlardan foydalanib, yangi loyihalarni va mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va ichki bozorni baliq mahsulotlari bilan to‘ldirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tarmoq va hududlar rahbarlari baliqchilikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi hamda 2022-yilgi rejalarini taqdimot qildi.
Keyingisi
Kadastr sohasidagi ishlar tahlil qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
22.12.2021