Pandemiya sharoitida aholini tibbiy yordam bilan qamrab olish ko'lamini yanada oshirish chora-tadbirlari ko'rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Toshkent shahrida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, bu boradagi ishlarning samaradorligini, aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish qamrovini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar hisobotini tingladi. 

Davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olib, deyarli har bir yig‘ilishda bu masalaga to‘xtalib o‘tmoqda. Jumladan, 15-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi epidemiologik vaziyatni jilovlashdagi ishlar jiddiy tanqid qilinib, kasallarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. 

Xususan, poytaxtimizda qisqa vaqtda keng ko‘lamli tashkiliy ishlar amalga oshirilildi. Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz” pavilonida, gimnastika saroyida, “Yoshlik” sport majmuasi va boshqa binolarda koronavirusga gumon qilinganlarga tashxis qo‘yish, zaruratga ko‘ra davolash uchun sharoit yaratilmoqda. Ular pandemiya talablari asosida jihozlanib, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlanmoqda.

Kasallikka chalinganlar va ayni kunlarda pnevmoniyadan aziyat chekayotganlarga amaliy yordam tariqasida 10 ta maxsus poliklinika tashkil etildi. Ularning faoliyati tunu kun yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolar bu yerga murojaat qilish orqali malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Prezentatsiya shaklidagi muhokamada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, markaziy muassasalar, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga jalb etilgan boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlash milliy tizimini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, poytaxtdagi sport majmualari negizida tashkil etilayotgan taqsimlash markazlari va yangi klinikalarni tibbiy xodimlar bilan ta’minlash, koronavirus bilan xastalangan shaxslarni samarali davolashga mamlakatimiz harbiylari, harbiy-tibbiy muassasalarning xizmatchilari va tibbiyot mutaxassislarini jalb qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. 

Jalb qilinayotgan tibbiyot xodimlarining smenadagi mehnatiga har kuni, o‘z vaqtida haq to‘lash, ularni zarur yakka tartibdagi himoya vositalari, oziq-ovqat va yotoq bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Muhokama yakunida mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga bu boradagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Manba