Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni Toshkent shahridagi 21-Mehribonlik uyini borib ko‘rdi.
Bu muassasada 122 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Ularning 47 nafari yetim, 75 nafari ijtimoiy yetim bolalardir. Ta’lim maskanida malakali o‘qituvchilar, psixolog, logoped, defektologlar faoliyat yuritmoqda. Robototexnika, mental arifmetika, sartaroshlik, pazandalik, tikuvchilik to‘garaklari tashkil etilgan. Sport mashg‘ulotlarida bolalar salomatligini mustahkamlash bilan birga respublika va xalqaro musobaqalarda sovrindor ham bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, bolalarning mashg‘ulotlarini ko‘zdan kechirdi.
- Bugun kelishimizdan maqsad sizlar bilan ko‘rishib, sizlarning timsolingizda barcha tarbiyalanuvchilar uchun sharoitlarni bundan-da yaxshilash, iloji boricha, oiladagidek muhit, tarbiya tashkil qilish. Hamma bilan teng bo‘lib ta’lim-tarbiya olishingiz, oliygohlarda o‘qib, kasb egallashingiz, uy va ish bilan ta’minlanib, hayotda munosib o‘rin topishingiz uchun imkoniyatlar yaratamiz. Shuni bilinglarki, sizlarning ota-onangiz, vataningiz bor. Davlat sizlarni hech qachon e’tiborsiz qoldirmaydi, - dedi Prezident.
Mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi. Lekin bolalar bilan yakka tartibda ishlash, ularni kasbga yo‘naltirish talab darajasida emas. Tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayoti, oliy ma’lumot olishi va bandligiga ko‘maklashuvchi mas’ul idora yo‘q.
Shu bois davlatimiz rahbari barcha Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas’ulligiga o‘tkazish taklifini bildirdi.
– Bu muassasalarning moddiy homiysi bor, ma’naviy homiy kerak. Bu ham savob, ham kerakli ish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatimizda 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi bor. Ularda 1 ming 823 nafar o‘g‘il-qiz yashab, o‘qimoqda. 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming 363 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ushbu muassasalar, sinov tariqasida, Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazilishi belgilandi. Bolalarga ixtisoslashgan ta’lim berish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha metodika yaratish vazifasi qo‘yildi. Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni fan, san’at va sport tashkilotlari bilan bog‘lab, tarbiyalanuvchilarning qobiliyatini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Keyingisi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-iyul kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
28.07.2021