Bugun, 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyev va qardosh Qozog‘iston xalqini Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti kuni bilan samimiy qutladi.
Elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi tarixiy roli, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi alohida qayd etildi.
Ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash prinsiplariga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi darajasini yuqori baholadilar.
Avvalo savdo-iqtisodiy sohada kengayib borayotgan amaliy hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Koronavirus infeksiyasini barvaqt oldini olish va samarali davolash masalalarida sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish davom etmoqda.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib, hududlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Telefon orqali muloqot chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining suhbati har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
Keyingisi
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
01.12.2020