Prezident yoshlarning kasbga intilishini qo‘llab-quvvatladi

Davlatimiz rahbari Koson tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazini borib ko‘rdi.

Bu yerda texnika va xizmat ko‘rsatish sohalarida 20 ga yaqin kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv va mashg‘ulot xonalari tegishli uskuna, kompyuter, mulyaj va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.

Eng muhimi, o‘qish, o‘rganish yoshi chegaralanmagan. Bu yerda barcha istovchilar, vaqtincha ishsiz kishilar ham kelishi mumkin. Bunday imoniyatdan foydalanib, aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan elektrik, santexnik, payvandchi, oshpaz, qandolatchi, sartarosh va tikuvchi kabi kasblarni o‘rganmoqda.

Ularga jahon standartlari darajasida ko‘nikma berish  maqsadida Germaniya, Turkiya va Yaponiya davlatlaridan mutaxassislar jalb qilingan. Markaz qoshida xorijiy tillarni o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yerda nafaqat Koson, balki qo‘shni tumanlardagi ishsiz fuqarolarga 2 oydan 6 oygacha bo‘lgan kurslarda dars beriladi. 

Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, kasb o‘rganayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. 

– Sizlarning ertangi kuningizga befarq bo‘lmay, kasbga intilishingiz meni xursand qildi. Bunday markazlarni nima uchun qilayapmiz? Ilgari yoshlar kasb egallashi uchun Toshkentga yoki boshqa shaharlarga borardi. Endi o‘sha sharoitlarning o‘zi yoshlarning oldiga kelayapti. Maqsadimiz - aholini kasb-hunarli qilish.

Yaxshi hunari bor odam ishsiz qolmaydi, kerak bo‘lsa uyidan olib ketishadi. Shuning uchun bu imkoniyatlardan foydalanib, yo‘lingizni topib olishingiz kerak, - deya ta’kidladi davlat rahbari.

Manba