Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni ushbu muassasani borib ko‘rdi.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni rivojlantirish – sifat, unumdorlik va taraqqiyotning muhim omili. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-oktabr kuni qabul qilingan «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadga qaratilgan.
Ushbu masala bo‘yicha 28-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu borada aholiga batafsil ma’lumot beradigan maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi. Shunga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari ochildi. Shuningdek, kunu tun ishlaydigan 1082 raqamli koll-markaz yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur klinikalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan boshqariladi. Ularning faoliyatida Savdo-sanoat palatasi, Bosh vazir qabulxonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy boshqarmalari va hokimlik vakillari doimiy ishtirok etadi. Bundan tashqari, so‘rovga asosan boshqa vazirlik va idoralar, tijorat banklari xodimlari ham jalb etilishi mumkin.
Qarshi shahridagi bunday klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qo‘yilgan ob’ektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Hamma xizmatlar bepul.
Klinika binosida Qashqadaryodagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Majlislar zali, muzokara xonalari, eksportchilar uyushmasi va o‘quv markazlari joylashtirilgan.
- Xususiylashtirish - qo‘shimcha qiymat va ishchi joylar yaratadigan muhim masala. Har bir ob’ektning egasini topib, ishni yo‘lga qo‘yib yuborish kerak. Bu esa tadbirkorga imkoniyat, mahalliy byudjetga tushum, - dedi davlat rahbari.
Shu yerda tumanlarni rivojlantirishning «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Masalan, 2015-yilda Nishon tumani mahalliy byudjetida umuman mablag‘ qolmas edi. Hokimlarga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish va ishlatish imkoniyati berilgach, ushbu hudud iqtisodiyoti ham rivojlana boshladi. Joriy yilning 9 oyida Nishon tumani byudjetiga 6 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushdi. To‘rtinchi chorakda yana 4 milliard bo‘lishi kutilmoqda.
Prezidentimiz shu tizimda ishlarni davom ettirib, har bir hududning «o‘sish nuqtalari»ni ishga solib, qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan ijtimoiy muammolarni hal qilish, uylar, yo‘llar qurish, kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.
Oldingisi
Prezident pedagog va shifokorlar bilan dildan suhbatlashdi
Davlatimiz rahbari Qarshi shahrida qashqadaryolik o‘qituvchi va murabbiylar, tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.
12.11.2020Keyingisi
Yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘ldi
Uchrashuvda turli sohalarda o‘qiyotgan va ishlayotgan yoshlarning fikrlari eshitildi. Takliflari ma’qullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
13.11.2020