Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, shu yil aprelda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan, unda tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, bu orqali bandlikni ta’minlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida katta rejalar belgilab olingan edi.
Xususan, joriy yilda 10 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etib, ularning sonini 80 mingtaga yetkazish, 9 trillion so‘m investitsiya jalb qilib, 810 ta sanoat loyihalarini amalga oshirish, 430 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Qishloq xo‘jaligida 12 ming 500 gektar yerni aholiga taqsimlab, 3 million 200 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, 11 ming gektar intensiv bog‘ va tokzor tashkil etib, meva-sabzavot eksportini 60 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Ijtimoiy sohada 174 ta maktab, bog‘cha va poliklinika qurish va ta’mirlash, 1,5 ming kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortish hamda 1,8 ming kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov shu borada qilingan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi. Undan kelib chiqib, yil yakunigacha va kelgusi yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilindi.
Birinchi navbatda, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratilib, bu orqali kelgusi yil viloyatda 207 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun imkoniyatlar ko‘p. Jumladan, soatiga 1,5 mingta avtomobil qatnoviga ega Shahrisabz-Kitob yo‘li bo‘yida xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish uchun 3 mingta tadbirkorni jalb etsa bo‘ladi. Shahrisabzning Miraki va Kitobning Qaynar qishloqlarida turizmni rivojlantirish orqali 10 mingta ish o‘rni yaratish imkoni bor. Shuningdek, bo‘sh turgan bino va yer uchastkalaridan samarali foydalanish zarur.
Viloyatda katta salohiyatga ega yana bir soha – sanoat. Bu yo‘nalishda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Xususan, 22 ta noruda konni o‘zlashtirib, talab yuqori bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoni bor. Kimyo, neft-gaz, energetika tizimidagi yirik korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yib, 65 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish lozim. Klasterlar tomonidan taklif etilgan 12 ta loyiha paxtani chuqur qayta ishlash darajasini oshiradi.
Uchinchi muhim yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi. Jumladan, 18 ming gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilab, qo‘shimcha 90 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 million kub metr suvni iqtisod qilish, 10 ming gektar paxta va g‘alla maydonini qisqartirish hisobiga 32 ming oila bandligini ta’minlash mumkin. Umuman, imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, bu sohada 295 ming nafar aholi ishli bo‘ladi.
Yig‘ilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Qashqadaryoda markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minotini kelgusi yilda 60 foizga yetkazish, 6 ming kilometr ichki yo‘llar va ko‘priklarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mahallalarda maktabgacha ta’lim muassasasi va poliklinikalar qurish, uy-joyga muhtoj aholining sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi.
– Inson qadri, degan tamoyil asosida ishlab, hamma narsani xalqning muammolaridan kelib chiqib amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Investitsiya dasturida mahallaning ulushi bo‘lishi kerak. Buni xalq bilan maslahatlashib, hokimlar taklif beradi, mahalliy kengashlar bajarilishini nazorat qiladi. Oxirgi besh yilda ko‘p joylarda sanoat rivojlandi. Endi investitsiyani eng og‘ir mahallalarga yo‘naltirish, ularni yaxshilash kerak.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari qaysi mahallalarda ishsizlik ko‘pu qaysilarida infratuzilma muammosi borligi, qanday tajribalarni ommalashtirish zarurligi haqida takliflarini bildirdi.
Ular asosida Qashqadaryoda tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy sohadagi muammolarni hal etish uchun 2023-yilda respublika budjetida 685 milliard so‘m nazarda tutilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, “Tashabbusli budjet” doirasida viloyat mahallalariga 135 milliard so‘m, yana 670 ta loyihani amalga oshirishga qo‘shimcha 265 milliard so‘m ajratilishi aytildi.
Bundan tashqari, 2023 va 2024-yillarda ichimlik suvi va avtomobil yo‘llari loyihalariga qo‘shimcha 410 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yil yakunigacha, shu tartibda, barcha viloyat hokimlari hisoboti ko‘rib chiqilishi, kelgusi yilgi investitsiya dasturi shu asosida shakllantirilishi belgilandi.
Oldingisi
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari ikki tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.
15.09.2022Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo - YI” sammitida nutq so‘zlaydi va Toshkentda Yevropa kengashi Prezidentini qabul qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi majlisida ishtirok etish uchun 27-oktabr kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.
26.10.2022