Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni qishloq xo‘jaligida loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Qishloq xo‘jaligi xalqimiz rizq-ro‘zi, ish o‘rinlari va daromad manbai. So‘nggi besh yilda bu sohaga 2 milliard 500 million dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan. Hozirgacha shundan 1 milliard 700 million dollari o‘zlashtirilib, 4 mingga yaqin loyiha amalga oshirilgan. Jumladan, zamonaviy issiqxonalar, intensiv bog‘lar, ko‘chatchilik xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar tashkil etilgan.
Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlaridan jalb etilgan mablag‘larni samarali yo‘naltirish, loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Bugungi kunda umumiy qiymati 400 million dollarlik 580 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Lekin kreditlar muddati qisqaligi yoki mutaxassislar yetishmasligi sababli ularni amalga oshirish kechikmoqda.
Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligiga loyihalarni o‘zi ishga tushirib, lizing asosida sotish vakolati yuklatildi.
Xususan, joriy yilda 6 ta viloyatda qariyb 2 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilishi, jami 115 ming tonnali 17 ta kichik agrologistika markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ular tadbirkorlarga tayyor holda, lizing asosida sotiladi.
Davlatimiz rahbari sohada xizmatlarni rivojlantirish, ekinlar hisobi va suv sarfini onlayn monitoring qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bu yil Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlarida agroxizmatlar markazi tashkil etilib, 100 dan ortiq xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi. Bu markazlarda zamonaviy laboratoriyalar bo‘ladi, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Loyihalar bo‘yicha mablag‘larni boshqarish, yerlar va ekinlar hisobi, sug‘orish ishlari va hosildorlik elektron tarzda kuzatib boriladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga har bir viloyat kesimida alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqib, ularning ijrosini joyida tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda agrar sohada ta’lim sifatini yaxshilash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
2022-2023-o‘quv yilidan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti ish boshlashi rejalashtirilgan. Prezidentimiz u yerga chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilish, mahalliy murabbiylarning malakasini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetiga 17 million dollar kredit va grant jalb qilingan. Buning hisobiga universitet laboratoriyasi 129 turdagi zamonaviy asbob-uskuna bilan jihozlanadi, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, mexanizatsiya, oziq-ovqat sanoati kabi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha yangi tajriba uchastkalari tashkil etiladi, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.
Davlatimiz rahbari soha uchun o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash ham muhimligini ta’kidladi. Buning uchun oliy ta’lim bilan kollej va texnikumlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash kerak. Shu bois mutasaddi vazirliklarga o‘rta maxsus o‘quv dasturlari, darsliklar va amaliyot tizimini soha korxonalari talablari asosida qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Oldingisi
Turizmni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
26.04.2022