Qarshi shahrida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
- O‘tgan yili 11-oktabrda bo‘lgan saylovoldi uchrashuvida, sizlar bilan birga Qashqadaryoni kelgusi besh yilda rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha katta maqsadlarni qo‘ygan edik, - dedi Prezident. - Kecha Qashqadaryoni ertalabdan kechgacha aylanib, odamlarning ko‘ziga qarab, shu rejalarimizga odamlar ishonyaptimi, o‘zgarishlarni sezyaptimi, deb e’tibor berdim. Bularni kim qiladi? Rahbar qiladi - fidoyi, xalqini sevadigan, elni birlashtiradigan rahbar. Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi.
Davlatimiz rahbari hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini ta’kidladi.
- Qayerga uddaburron rahbar qo‘yilgan bo‘lsa, natija bo‘layapti. Qashqadaryoga, 3 yarim milliondan ko‘p aholisi bo‘lgan elga rahbar bo‘lish oson emas. Bunday rahbar topish ham oson emas. Qashqadaryoning yeri boy, tuprog‘i unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, yelkadosh bo‘lib, halol ishlash kerak. Hokimni hokim qiladigan, uni ishini ko‘rsatadigan shu xalq. Mahalliy deputatlar, nuroniylar, umuman, odamlar befarq bo‘lmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari 2021-yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialiyevich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
M.Azimov 1976-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Buxoro viloyati prokurori, Bosh prokuror o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi vazifalarida ishlagan.
Xalq deputatlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar, yoshlar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Oldingisi
Kasbida yana bir mahalla obod bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kasbi tumanidagi "Qamashi" mahallasida bo‘ldi.
21.04.2022Keyingisi
Qashqadaryodagi dolzarb masalalar va ularni hal etish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi.
22.04.2022