14 yanvar kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni yig‘ilganlarni, barcha harbiylarni, ularning oila a’zolarini bayram bilan muborakbod etdi.
Marosimda ta’kidlanganidek, o‘z hayotini Vatan himoyasidek muqaddas va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan va buni har kuni, har daqiqada amalda isbotlayotgan askar va ofitserlarimiz bizning faxrimiz va g‘ururimizdir. Ayniqsa, o‘tgan yili o‘z vazifasini ado etish bilan birga, xalqimiz boshiga tushgan og‘ir sinovlarni mardona yengib o‘tishda ularning xizmatlari nechog‘li katta bo‘lganini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilish maqsadida harbiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Ilgari armiya alohida, xalq alohida bir dunyo edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk kunlardan “xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan muhim g‘oyani ilgari surdi va vaziyat tubdan o‘zgardi.
Harbiy qismlar eshiklari xalq uchun, bo‘lajak Vatan posbonlari – yosh avlod uchun hamisha ochiq bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Istiqlol g‘oyalariga sadoqatli, vatanparvar harbiy kadrlarning yangi avlodini yetishtirishga katta e’tibor berilmoqda. Askar va ofitserlarning zamonaviy bilim olishi, harbiy texnika va texnologiyalarni mukammal egallashi, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bosh maqsad etib belgilangan.
– Armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir, – deya ta’kidladi Prezident. – Armiyamizning imkoniyatlari va jangovar salohiyatini belgilaydigan asosiy omil mana shu, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.
Marosimda bugun dunyoning turli nuqtalarida tinchlik va osoyishtalikka tahdid va xatarlar, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yuz berayotgani qayd etildi. Bunday holatlar butun insoniyat qatori xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiy. Ushbu xavflarga munosib qarshi tura olish uchun insonda chinakam vatanparvarlik, yuksak bilim va tafakkur, metin iroda bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
– Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz: “Askarlari botir el qudratli bo‘lur”, deganlarida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan edilar. Men har bir askar, Vatanning har bir posboni Amir Temur va ulug‘ lashkarboshilarimiz o‘gitlarini, ularning harbiy merosini chuqur bilishi kerak, deb qayta-qayta ta’kidlab kelaman. Bu o‘lmas va bebaho meros hozirgi kunda ham har birimizning qalbimizga cheksiz g‘urur baxsh etadi, muqaddas tuprog‘imizga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan jasur harbiylarni ana shunday ajdodlarimizning chinakam vorislari, deb atadi.
Marosimda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, bojxona tizimi va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.
Oliy Bosh Qo‘mondon yig‘ilganlar timsolida bugun joylarda yuksak davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha harbiy xizmatchilarni samimiy tabrikladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon to‘g‘risidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tiladi.
Mukofotlanganlar yuksak e’tibor, harbiylar va ularning oila a’zolari qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.