Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va tarmoqlar rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari, nuroniylar, yoshlar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatida katta o‘zgarishlar bo‘layotgani, odamlarning dunyoqarashi o‘sib, faolligi oshganini ta’kidladi.
- Men har doim Samarqandni sog‘inaman. Ko‘p joylarda ishladim, lekin bu viloyatda orttirgan tajribam juda ko‘p qo‘l keladi. U paytlar qo‘limiz kalta, imkoniyatimiz cheklangan edi. Shuni e’tiborga olib, har safar Samarqandga kelganimda o‘zimga savol beraman: hozirgi imkoniyatlarni o‘sha paytda qilish mumkinmidi? Imom Buxoriy bobomizning zamonaviy majmuasini o‘sha paytda qurish mumkinmidi? Yurakda juda katta qiynalishlar bilan, qachon bo‘lar ekan, deb armon bilan ishlaganmiz. Hozir zamon o‘zgardi, odamlar endi kechagiday yashashga majbur emas. Eng katta masala – joylardagi ijro hokimiyati rahbarlari bugungi hayot, harakat, shiddatga mos ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Endigi masala Samarqandning ertangi kunini yanada yaxshi qilish, yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirish birlamchi vazifa bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
- 2020-yil og‘ir yil bo‘ldi, manaman degan davlatlar iqtisodiyoti bu sinovlarni ko‘tarolmadi. Bu yil kechagiga nisbatan intilishimiz o‘zgarib, ertangi kun manfaati nuqtai nazaridan harakat tuyg‘usi paydo bo‘lsa, oldimizga qo‘ygan rejalarimizni bajara olamiz. Agar bizga kimdir qilib beradi, degan paysalga solish bo‘lsa, bunday xohish bilan hech qachon natijaga erisholmaymiz, – dedi Prezident.
Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi nishonlanadigan joriy yilda Samarqand viloyatida qanday natijalarga erishish uchun hozirdan marralarni aniq belgilash lozimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari viloyatning foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solish uchun 5 ta drayver sohani ko‘rsatib o‘tdi. Bular – sanoat, transport logistikasi, yirik industrial issiqxonalar, xizmat ko‘rsatish va turizm. Ushbu sohalarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar aytib o‘tilib, mas’ullar belgilandi.
2021-2022-yillarda Samarqand viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 30 trillion 415 milliard so‘mlik 1 ming 279 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Xususan, 12 trillion so‘mlik 1 ming 184 ta hududiy, 18 trillion so‘mlikdan ziyod 95 ta tarmoq loyihalari amalga oshiriladi. 1,8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 26 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etiladi.
Xususan, energetika sohasida 974 million dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, natijada 1,8 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasining 100 million dollar sarmoyasi hisobiga shu yil dekabrda Nurobod tumanida quvvati 100 Mega-vatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Prezident Urgut tumanini to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida ushbu iqtisodiy zonaning filiallarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tuziladi.
Qo‘shrabot, Ishtixon va Urgut tumanlarida 8 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etib, 4 mingdan ziyod kishini ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Chorvachilikda yana 4 ming, pillachilik va ipak mahsulotlari tayyorlashda 12 ming ish o‘rni yaratish mumikinligi qayd etildi.
Har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlarni tanqidiy o‘rganish, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish orqali kambag‘allikni qisqartirish asosiy vazifa bo‘lishi ta’kidlandi.
Joriy yilda 915 ta qishloq va mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilishi, 658 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari ta’mirlanib, 210 ta qishloq va mahalladagi suv ta’minoti yaxshilanishi aytib o‘tildi. Ipoteka dasturi doirasida 3 ming 450 kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilib, 2 ming 200 ta oilaga subsidiya beriladi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, yoshlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.