Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Ahmad Donish koʻchasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻrdi.
Ilgari bu koʻcha oʻrtasidagi maydon beton devor bilan oʻralgani sababli yoʻl judayam tor edi. Yunusobod metro yoʻnalishining davomi qurilishi natijasida bu joy ochildi. Ahmad Donish koʻchasining Amir Temur koʻchasidan Toshkent xalqa avtomobil yoʻligacha boʻlgan 2,2 km qismi 6 qatorli qilib qayta qurildi. 4 qatorli mavjud yoʻl rekonstruksiya qilindi. Piyodalar va velosiped yoʻlakchalari, maysazorlar tashkil etildi. Energiya tejamkor yoritish moslamalari oʻrnatildi.
Yana bir muhim jihati – Ahmad Donish koʻchasi oʻrtasidagi yashil hudud va koʻcha boʻylaridagi daraxtlar saqlab qolindi. 1850 ta manzarali daraxt koʻchati ekildi.
- Yoʻl qurilishiga qoʻshimcha pul berib, zamonaviy texnikalar olingani bugun natijasini beryapti. Bu esa odamlarga manfaat, sifat keltirishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Chorrahalarda yoʻl 92 metrgacha kengaytirilgan. Transport vositalari oʻng tarafga toʻxtovsiz harakatlanishi koʻzda tutilgan. Bu Ahmad Donish, Amir Temur, Bogʻishamol kabi koʻplab koʻchalardagi tirbandlikni kamaytiradi. Toshkent va Qibray tumanlari aholisining poytaxt markaziga yetib borish vaqti 2 barobar qisqaradi. Ushbu yangi trassada bir kunda 60 mingtagacha transport vositasi harakatlanishi mumkin.
Davlatimiz rahbari bu yerda mutasaddilarga yoʻlsozlik sifati va koʻlamini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
- Odamlarimiz ham, mehmonlar ham yoʻlga qarab davlatga baho beradi. Yoʻllar yaxshi boʻlsa, xalqimiz rozi boʻladi. Shuning uchun bunday sifatli yoʻllarni hududlarda ham qurish, qishloq yoʻllarini ham oʻzgartirish kerak, - dedi Prezident.
Shu yerda Yunusobod tumani aholisi vakillari bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Toshkentning Fargʻona yoʻli koʻchasida amalga oshirilayotgan taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini ham borib koʻrdi.
Turkiyaning “Kalyon” shirkati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan, 8 qatorli yangi avtomobil yoʻli qurish, 2 qatorli mavjud yoʻlni rekonstruksiya qilish, energiya tejamkor yoritish moslamalari oʻrnatib, piyodalar va velosiped yoʻlakchalari, maysazorlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bir kilometr yoʻl qurishga yurtimiz va xorijda ketadigan mablagʻ hamda materiallar qatlamini tahlil qilish asosida yoʻl industriyasini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Avtomagistrallar bilan birga ichki yoʻllarga ham alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Keyingisi
Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi
Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” yoʻnalishi qurib bitkazildi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yoʻnalishning uzunligi 11,5 kilometr.
29.08.2020