Tadbir avvalida bugun mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilindi.
Jumladan, o‘tgan 8 oy mobaynida COVID-19ga qarshi kurashishda yetarli tajriba to‘plangani, tibbiyot xodimlari ham zaruriy malakaga ega bo‘lganlari ta’kidlandi.
Ma’lumki, “kasallik zanjiri”ni jiddiy nazorat qilgan holda karantin talablari bosqichma-bosqich yengillashtirildi. Ammo dunyo mamlakatlaridagi, qo‘shni davlatlardagi holatni inobatga olib, O‘zbekistonda bu kasallikka qarshi kurashishni bir daqiqaga ham to‘xtatib bo‘lmasligi, chunki xavf-xatar hali o‘tib ketmagani aytib o‘tildi.
Bugun yurtimizda ushbu virus bilan kasallanganlar soni 70 ming nafardan ortgani, tuzalganlar soni qariyb 68 ming (96 foiz), o‘lim ko‘rsatkichi 599 nafarni (0,9 foiz) tashkil etayotgani qayd etildi.
Hokimlar, sektorlar rahbarlari va sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilariga qator vazifalar yuklatildi.
Avvalo, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat doimiy ravishda jiddiy tahlil qilinishi, kerakli xulosalar chiqarilishi lozim. Xususan, haftada kamida ikki kun hududdagi pandemiyaga oid holat bilan alohida shug‘ullanib, shtab yig‘ilishi o‘tkazilishi, muntazam ravishda Respublika maxsus komissiyasiga shaxsan hisobot berilishi belgilandi.
- Yana bir marta ta’kidlayman, bu kasallik befarqlikni aslo kechirmaydi. Shu bilan birga, biz koronavirus paytida to‘plagan katta tajribamiz va olgan chuqur xulosalarimiz asosida munosib yashash va ishlashda davom etishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan.
Hozirda ushbu o‘rinlarda 6 ming 570 nafar bemor davolanmoqda. Koykalar bandligi Qoraqalpog‘istonda 16 foiz, Xorazmda 10 foiz, Qashqadaryoda 11 foiz, Namanganda 19 foizni, respublika bo‘yicha esa 38 foizni tashkil etyapti. Shu bois ulkan mablag‘lar bekorga sarf bo‘layotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi.
Ma’lumki, ta’lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish hamda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish borasida qator farmon va qarorlar qabul qilindi, ushbu ikki masalada yaqinda alohida videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazildi.
- Meni mazkur farmon va qarorlarning joylardagi ijrosi, bu borada hokimlar qanday ish tashkil etayotgani tashvishga solyapti. Bugun hokimlar zamonaviy fikrlaydigan va fidoyi, jonkuyar xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarini o‘z yoniga olib ish ko‘rmas ekan, amaliy natijaga erisha olmaydi, - deya ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirishda quyi bo‘g‘in rahbarlariga shaxsiy namuna ko‘rsatib, haftada ikki marta maktablar va tibbiyot muassasalari bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan shug‘ullanishi kerakligi qayd etildi.