Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni oila a’zolari bilan birga Toshkent shahridagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, saylovda ovoz berdi.

Ma’lumki, joriy yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi. Unda huquqiy, dunyoviy va ijtimoiy tamoyillar yanada mustahkamlanib, davlatning bu boradagi majburiyatlari oshdi. Yangilangan Konstitutsiya davlat hokimiyati oldiga yangi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni qo‘ydi.

Shu bois davlatimiz rahbari Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq, muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazish haqida xalqimizga murojaat qildi. Bu tashabbus Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda jamoatchilik faollari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Markaziy saylov komissiyasi 4 ta siyosiy partiyadan nomzodlarni ro‘yxatga oldi. 14 ta saylov okrugi va 10 ming 784 ta saylov uchastkasi tuzildi. Saylovda ishtirok etayotgan barcha nomzodlarga teng va erkin sharoitlar yaratildi.

Prezident saylovi mamlakatimizning buguni va kelajagi, xalqimiz farovonligiga ta’sir etuvchi muhim siyosiy voqeadir. Fuqarolar buni chuqur his etib, saylovda faol ishtirok etmoqda.

Bu jarayonni 47 ta davlat va 15 nufuzli xalqaro tashkilotdan jami 797 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda, ommaviy axborot vositalari keng yoritmoqda.

Manba