Sportchilarni tayyorlash tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni sport ta’limini rivojlantirish va Olimpiya zaxiralarini tayyorlash masalalariga doir taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 15 ta olimpiya zaxiralari kolleji, 344 ta sport maktabi va 7 ta oliy sport mahorati maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 380 ming nafar yoshlar 100 dan ortiq sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

So‘nggi uch yilda Olimpiya zaxiralari kollejlari o‘quvchilari xalqaro musobaqalarda 723 ta, respublika turnirlarida 10 mingdan ziyod medallarni qo‘lga kiritgan. Qariyb 4 ming 500 nafar o‘quvchi O‘zbekiston milliy terma jamoalariga qabul qilingan.

Bu sohani yanada rivojlantirish uchun sport ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, murabbiylar malakasini oshirish zarur.

Xususan, ushbu muassasalarda ishlayotgan 14 mingga yaqin murabbiylarning qariyb 6 ming nafari oliy ma’lumotga ega emas. Shuningdek, joylarda ot sporti, zamonaviy besh kurash, regbi, o‘q otish, kamondan otish, velosport, suvga sakrash va sinxron suzish bo‘yicha murabbiylar yetishmaydi.

Taqdimotda sport ta’limi tizimini tubdan yaxshilash, zamonaviy dastur va metodikalarni joriy etish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Olimpiya zaxiralari kollejlari hamda jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari infratuzilmasini yaxshilab, sport ta’limini takomillashtirish, o‘quvchi va talabalar sonini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Sohadagi ta’lim muassasalarining Paralimpiya bo‘limlariga 10 foizgacha qo‘shimcha kvota ajratilishi hamda ota-onalar tomonidan to‘lov tartibi bekor qilinishi belgilandi. Shuningdek, qizlar uchun kvotani ko‘paytirish orqali Xalqaro olimpiya qo‘mitasining gender tenglikka doir tamoyillari ta’minlanadi.   

Seleksiya ishlarini kuchaytirish, bu jarayonda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, korrupsiya holatlariga barham berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Olimpiya zaxiralari kollejlariga o‘quvchilarni qabul qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va musobaqalar tashkil etish bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz Olimpiya zaxiralari kollejlarini sport federatsiyalari bilan uzviy bog‘lash, iqtidorli yoshlarni o‘stirishda promouter, skaut, agent kabi mutaxassislar faoliyatini keng qo‘llash va bu yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holatini hamda farmakologik ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sportchilarni tayyorlash va o‘quv muassasalarini boshqarish tizimini ilmiy asoslangan ravishda rivojlantirish zarurligi aytildi.

2021-2022-o‘quv yilidan boshlab, sport maktablarida davlat buyurtmasi asosida razryadli va unvonli sportchilarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 

Murabbiylar yetishmayotgan sport turlari bo‘yicha malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ularga mahalliy murabbiy va talabalarni biriktirib, tajribasini o‘rganish kerakligi qayd etildi.  

 Sport ta’limi muassasalarini qurish va ta’mirlash, zamonaviy jihozlar va sport adabiyotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sportchilarimiz Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli musobaqaga jami 126 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.

Davlatimiz rahbari sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yaxshi natijalarga erishishi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, 2024 yili Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Manba