Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni odil sudlovni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Sudlar faoliyati, avvalo, inson taqdiriga, barcha sohalar tartibi va taraqqiyotiga daxldor masaladir. Shuning uchun ham mamlakatimizda sudlar mustaqilligini mustahkamlash, ishlarni ko‘rishda xolislik, adolat va qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. So‘nggi olti yilda bu tizimga oid 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Shu davrda nohaq ayblangan 4 ming kishiga oqlov hukmi chiqarilgan, 26 mingdan ziyod shaxs sud zalidan ozod qilingan, 47 ming fuqaroga nisbatan tergovda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan.
Sud tizimiga ishonch ortgani iqtisodiyot va tadbirkorlik rivojiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, olti yilda korxonalar soni 2 baravarga oshib, 530 mingtaga yetgan. Yurtimiz iqtisodiyotiga 39 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib kelgan. Bugungi kunda 15 mingdan ortiq xorijiy va qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida sud jarayonida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadi ham belgilangan. Shundan kelib chiqib, mutasaddi va mutaxassislar xalq bilan muloqot qilib, sohadagi muammolarni o‘rgangan.
Yig‘ilishda ana shu muammolar tahlil qilinib, sohani isloh qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, har yili o‘rtacha 1 million 500 ming aholi sudlarga murojaat qiladi. Viloyat sudlari odil qaror chiqarish bo‘yicha yetarlicha mas’uliyat olmayotgani sababli ovoragarchiliklar ko‘p. Misol uchun, yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kelgan.
Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish eskicha davom etayapti. Advokatlarning o‘rni yuqori emas. Tergovchilar o‘z ustida ishlamay qo‘ygan.
Sudga aralashuvlarning oldini olish uchun sudyalarning vakolat muddati uzaytirildi, maoshi keskin oshirildi. Ularni lavozimga tayinlash Sudyalar oliy kengashiga o‘tkazildi. Lekin bu borada haliyam ayrim bo‘shliqlar bor.
Shu bois Prezident sudlarda tortishuv muhitini shakllantirish, huquq-tartibot idoralari ishini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Viloyat sudlari mas’uliyatini oshirish, jinoyat ishini ayblov xulosasi va himoyachi fikri bilan birga qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman va viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Sudyalar hamjamiyatining vakolatlarini kuchaytirish, sudyalar sonini bosqichma-bosqich ko‘paytirish taklifi ma’qullandi.
Davlatimiz rahbari sohada raqamlashtirishni kengaytirib, axborot tizimlarini uyg‘un qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.