Tashrif doirasida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi

Muzokaralar yakunlangach, hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Unda oliy darajadagi uchrashuvning asosiy yakunlari aks etgan, O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligini yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari belgilangan.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdi. Chegaradosh hududlarda savdo markazlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida bitim, Tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda korxona va kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini kengaytirish to‘g‘risida bitim, Bojxona chegarasidan o‘tayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar almashishni tashkil etish to‘g‘risidagi Bayonnoma shular jumlasidan.

Ishbilarmon doiralar vakillari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim hamda 2004-yil 19-noyabrdagi Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish haqida Bayonnoma ikki mamlakat tadbirkorlari uchun qulay sharoitlar yaratishi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Transport, tranzit tashishlar, suvni tejovchi texnologiyalar, adliya, ijtimoiy himoya, statistika, o‘simliklar karantini va himoyasi, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga doir muhim hujjatlar imzolandi.

Tashrif doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi jami 23 ta hujjat imzolandi.

Manba