Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-noyabr kuni onkologiya va endokrinologiya tibbiyot markazlari qurilishiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu ikki yo‘nalish inson umri, hayot sifati, genofond sog‘lomligini belgilaydigan dolzarb sohalardir. Shifoxonalarga murojaatlar va joylarda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar tahlili bunday kasalliklar ko‘p uchrayotganini ko‘rsatgan. Bu yo‘nalishdagi respublika markazlarining binolari ham eskirgan edi.
Holat bilan bevosita tanishish maqsadida davlatimiz rahbari shu yil may oyida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini borib ko‘rgan edi. Shundan kelib chiqib, 27-may kuni Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi zamonaviy binolar qurilishi va jihozlash belgilangan edi.
Shundan so‘ng, xorijiy klinikalarning ilg‘or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqildi. O‘tgan galgi taqdimotlarda bildirilgan fikrlar asosida u yanada takomillashtirildi.
Yangi bino 10 qavatli bo‘ladi. 3 qavatli yerosti qismida radiologiya va nur terapiya, pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirish kabi bo‘limlar joylashtiriladi. Markazda immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nur terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi. Ushbu yangi bino Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi hududida quriladi.
Yurtimizdagi ulkan ilmiy, diagnostik va davolash salohiyatiga ega muassasalardan yana biri Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidir. Unda 288 o‘rinli statsionar bo‘lim va 250 kishiga mo‘ljallangan maslahat-diagnostika klinikasi bor. Markazning hozirgi binosi 1974-yilda qurilgan, moddiy-texnik bazasi eskirgan.
Shu bois, ushbu muassasa uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi negizida yangi majmua barpo etish rejalashtirilgan. Bu markazning sharoitlarini yaxshilab, xizmatlar turini kengaytiradi. Xususan, bugungi kunda endokrinologiya markazida 14 ta bo‘lim bo‘lsa, yangi majmuada yana 14 ta bo‘lim ochish uchun imkoniyat yaratiladi.
Prezident qurilish loyihalarini ma’qullab, endi ish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va tibbiy xizmat sifatiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Markazlarga xorijdan mutaxassislar jalb etish, shifokorlarni jahon tibbiyoti yutuqlari asosida qayta o‘qitish, ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ushbu respublika markazlarini qurish bilan birga hududlardagi dispanser va poliklinikalarda sharoitlarni yaxshilash, zamonaviy tashxis uskunalari yetkazib berish, shifokorlar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.