Tinchlik va og‘zibirchilik qadri tarannum etildi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘ldi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. 

Qariyb yuz yillik tarixga ega ushbu muassasa san’at rivojida, yoshlar tarbiyasi va aholining madaniy hayotida munosib o‘ringa ega. Oxirgi yillarda teatr joriy ta’mirlanib, asbob-uskunalar yangilandi. 2017-yilda unga akademik teatr maqomi berildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yoshullilar, san’at sohasi vakillari bilan birga badiiy dasturni tomosha qildi.

Qoraqalpog‘istonda ko‘plab millat vakillari ahil va totuv yashamoqda. Dasturda shu jihat ta’sirchan talqinlarda ifodalandi. Xalq dostonlaridan parchalar, “Shag‘ala”, “Dembermes”, “Nigarim” kabi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli va Abay ijodidan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov qalamiga mansub “Tug‘ishganlik” she’ri va “O‘zbekiston” qo‘shig‘ida millatlararo totuvlik, og‘zibirchilik, tinchlik qadri tarannum etildi. 

Prezidentimiz shu yerda qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar, madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qildi. Badiiy dasturni yuqori baholadi. 

O‘zbek va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el. Asrlar davomida birga yashab, do‘st, qarindosh bo‘lib, bir xalqqa aylanib ketgan. Ular bugun mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida hamjihat. Bu nafaqat sahnada, balki hayotimizda ham o‘z ifodasini topmoqda. 

Davlatimiz rahbari ushbu qadriyatlarni ulug‘lovchi asarlarni ko‘proq qo‘yish, gastrollarga chiqib, yoshlarni teatrga qaytarish, madaniyatini boyitish muhimligini ta’kidladi.

Manba