Toshkent shahrida yangi yo‘l va ko‘priklar ochildi

Muborak Ramazon oyida yangiliklar va yaxshiliklar ko‘p bo‘ldi. Hayit kunlarida Toshkent shahrida yana bir majmua – yangi yo‘l va ko‘priklar ochildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni ushbu transport inshootini borib ko‘rdi.

Uning qurilishi 2020-yil avgustda boshlangan edi. Loyiha doirasida 6,5 kilometr uzunlikdagi 6 tasmali avtomobil yo‘li, 6 ta ko‘prik qurildi. Bu orqali Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi Yakkasaroy tumanidagi Cho‘ponota va Usmon Nosir ko‘chalari bilan samarali bog‘landi.

Shu paytgacha Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanar edi. Soatiga 4 mingta avtotransport qatnoviga mo‘ljallangan bu yo‘lda aslida yuklama bundan katta, shu bois ertalab va kechki paytlarda juda tirband bo‘lardi.

Yangi qurilgan yo‘l soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega. Bu tirbandlik muammosini bartaraf etib, poytaxt aholisiga juda katta qulaylik yaratadi.

Ko‘priklar, ularga chiqish-tushish qismlari oqilona loyihalashtirilib, mavjud yo‘llarga svetoforsiz ulangan. Natijada avtotransportlar boshqa yo‘llardagi qatnovga to‘xtovsiz, qulay tarzda qo‘shilib ketishi mumkin. 

Yana bir tomoni – havoga ta’siri. Ma’lumki, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Lekin bu faqat daraxt ekish degani emas, balki ekologiyani asrash ham demakdir. Yangi yo‘l ochilishi natijasida havoga zararli gaz chiqishi 3 barobarga kamayadi.

Yo‘l bo‘ylariga energiya tejamkor yoritgichlar, uzum ishkomlari o‘rnatilgan. Bo‘sh maydonlar ko‘kalamzorlashtirilib, piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lakchalar tashkil etilgan.

Shu yerda Toshkent shahrida avtomobil yo‘llari qurish va shahar transport tizimini takomillashtirish takliflari taqdimoti o‘tkazildi. Bugun ochilgan yo‘lni davom ettirib, Sergeli tumanini aylanib o‘tuvchi halqa yo‘ligacha 6 kilometrlik yo‘l barpo etish loyihasi ma’qullandi. 

Davlatimiz rahbari yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

– Hamma joyda yo‘l qurib yoki kengaytirib bo‘lmaydi. Ko‘p narsa qatnovni to‘g‘ri tashkil etishga ham bog‘liq. Endi yo‘llarning, chorrahalarning o‘tkazuvchanligini oshirish, raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz shu yerda toshkentlik nuroniylar, jamoatchilik faollari bilan suhbatlashdi.

– Milliy qadriyatimizga ko‘ra, yo‘l va ko‘prik qurish – savob. Odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan bu yo‘l hozirgi ulug‘ ayyom kunlarida ochilayotgani ham quvonarli. Ilgari «Sergelida 10 ta uy qursa bo‘ladimi» deganda hech kim ishonmasdi. Oxirgi besh yilda Sergeli va Yangihayot tumanlarida 800 ga yaqin ko‘p qavatli uylar qurildi, qariyb 100 ming aholi boshpanali bo‘ldi. Mana endi yo‘llari ham rivojlanyapti. Hozir mutaxassislar bilan keyingi loyihalar bo‘yicha ham maslahatlashib oldik. Ularni vaqti bilan, mehnatimiz bilan, tinchlik-osoyishtalikda amalga oshira olamiz, - dedi davlat rahbari.

Manba