Shu yil 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz Toshkent viloyatida sanoat rivoji uchun qulay sharoitlar borligi, bu sohada jiddiy o‘zgarish qilish zarurligini ta’kidlagan edi. Shunga muvofiq, qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda qariyb 7 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulotlar tayyorlanib, o‘sish 4,6 foizni tashkil etgan. Lekin bu mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Shu bois, yil yakunigacha jami 18 trillion so‘mlik tovarlar ishlab chiqarib, yillik 8,5 foiz o‘sishga erishish mo‘ljallangan.
Buning uchun yangi loyihalarni amalga oshirish, kam quvvatda ishlayotgan yoki to‘xtab qolgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish orqali hududiy sanoatni rivojlantirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Shuningdek, transport-logistika, xizmatlar, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalari ustuvor yo‘nalish etib belgilangan.
Yig‘ilishda ushbu sohalarda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Masalan, Zangiota tumanida 1 ming 494 ta sanoat korxonasi bor. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan qariyb 600 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bu yil 15 ta loyiha amalga oshirilib, yana 51 milliard so‘mlik quvvat tashkil etiladi.
Zangiota sanoat markazi loyihasini alohida aytib o‘tish mumkin. 116 gektar maydonda barpo etiladigan ushbu sanoat hududida 165 ta loyihani joylashtirish mo‘ljallangan. Ularning samarasida 12 mingta ish o‘rni yaratish, 48 million dollarlik eksport qilish va 9 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hisob-kitob qilingan.
Angren shahrida korxonalar soni nisbatan kam – 577 ta bo‘lsa-da, ularning salohiyati yuqori. Shaharning Toshkent viloyati sanoat hajmidagi ulushi 28 foiz. Joriy yilning 6 oyida u yerda 2 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulotlar tayyorlangan. Ikkinchi yarim yillikda yana 15 ta loyiha ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 560 million dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 39 mingta ish o‘rni, 3 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent tumanida umumiy qiymati 335 milliard so‘mlik 32 ta, Chirchiq shahrida umumiy qiymati 422 milliard so‘mlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilmayotganini qayd etib, sanoat tarmoqlarida yangi loyihalarni ko‘paytirish, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligini ta’kidladi. Yil yakuni bilan hududiy sanoat hajmini 40 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Mavjud zavodlar faoliyatini kengaytirish, sanoati rivojlanmagan tumanlarda korxonalar tashkil etish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.