O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon So‘g‘d viloyati G‘afurov tumanidagi “Vaxdati millat” bog‘iga tashrif buyurdi.
So‘g‘d viloyati Sirdaryo bo‘yida joylashgan bo‘lib, dehqonchilik uchun juda qulay. Bu yerda meva-sabzavotchilik rivojlangan. Tojikistonda yetishtiriladigan jami qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb 43 foizi So‘g‘d viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Vaxdati millat” bog‘i 2008 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 700 gektar bo‘lib, shundan 500 gektarida mevali daraxtlar o‘tqazilgan. Bog‘ hududida qariyb 300 tonna sig‘imli sovutish ombori ham bor.
2018-yildan boshlab bu yerda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda to‘rtta havzada oq amur, xumbosh va sazan kabi baliq turlari yetishtirilmoqda.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida bu borada ko‘plab shartnomalar imzolangan. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi chog‘ida ham qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Prezidentlar bog‘da tashkil etilgan Tojikiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni o‘zaro yetkazib berish, saqlash va eksport qilish bo‘yicha soha mutasaddilariga ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi yakunlandi. Xo‘jand xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon kuzatdi.
Oldingisi
Prezidentlar Qayroqqumdagi gilam fabrikasini borib ko‘rdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamrohligida “Qayroqqum gilamlari” korxonasini borib ko‘rdi.
11.06.2021