O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifdan so‘ng amaliy hamkorlikda, ochiq va samarali muloqotda yuksak natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar dasturini faol qo‘llab-quvvatlayotgani hamda koronavirusga qarshi kura shva pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tishda ko‘rsatilgan yordam uchun Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Yaponiya Bosh vaziri, o‘z navbatida, yangilanishlarni yanada ilgari surish, zamonaviy sanoat va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘makni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Yaponiya tomoni Toshkent Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o‘g‘irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalasini muttasil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti JISA agentligi, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan samarali sheriklikni yuksak baholadi. O‘tgan yilda, global inqiroz va karantin cheklovlariga qaramay, yaponiyalik sarmodor va mutaxassislar bilan birgalikda To‘raqo‘rg‘on IES qurilishi, Navoiy IESni kengaytirishning ikkinchi bosqichi, “Navoiyazot” korxonasida ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologik quvvatlarni ishga tushirish kabi ustuvor loyihalar amalga oshirildi.
O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari qo‘shma biznes loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini joriy etish tashabbusini ma’qulladilar.
Shuningdek, xalqaro kun tartibi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.
Yaponiya Bosh vaziri joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlashini va uning ishida ishtirok etishini ta’kidladi.
Suhbat so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Tokio shahridagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi hamda Bosh vazir Yosexide Sugani mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
O‘zbekiston va Yaponiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.
Oldingisi
Birinchi chorakdagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-may kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorakdagi ko‘rsatkichlar tahlili hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
12.05.2021Keyingisi
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
12.05.2021