O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Richard Pompeoni qabul qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda barqaror, tizimli tus olgan va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
2018-yil may oyida AQShga amalga oshirilgan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan oliy darajadagi tarixiy tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘zaro almashinuvlar faollashgani alohida ta’kidlandi.
Konstruktiv, shu jumladan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy, agrar, energetik, ta’lim, huquqni himoya qilish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.
Keyingi bir necha yil davomida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ko‘paydi. AQShning yetakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Amerika investitsiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizda Vebster universitetining filiali o‘z ishini boshladi.
AQSh Davlat kotibi, o‘z navbatida, ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun Prezidentimizga dildan minnatdorlik bildirdi hamda Prezident Donald Trampning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
AQSh tomoni O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Maykl Pompeo O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarning natijadorligini yuksak baholadi.
Davlat departamenti rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Davlat kotibi Toshkentda Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Yangi O‘zbekiston rahbarining siyosati tufayli mintaqada ishonch, sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirishda katta natijalarga erishilgani ta’kidlandi. O‘tgan yil noyabr oyida poytaxtimizda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlar rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari alohida qayd etildi.
Iqtisodiyot sohasida AQSh yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirishni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.
Maykl Pompeo bugungi kunda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini bir necha o‘n karra oshirish imkonini beradigan biznes tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, AQSh mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishga har tomonlama ko‘maklashishi ta’kidlandi.
Inson salohiyatini rivojlantirish, jumladan, fuqarolik jamiyati rivojini qo‘llab-quvvatlash, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish, shuningdek, ushbu mamlakatni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Maykl Pompeo O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlikka erishish, Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga doir aniq infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.